Manfaatli aloqalar hamkorlikni yuksaltiradi

Qozogʻiston Respublikasining Chimkent shahrida Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakat hukumat aʼzolari,vazirlik va idoralar rahbarlari, yirik kompaniyalar, hududiy ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri ularning ayrimlaridan intervyu oldi.

Avaz XOʻJAYEV, Sirdaryo viloyati hokimining investitsiya boʻyicha oʻrinbosari:

– Qadimdan yurtimizda savdo-sotiq yaxshi rivojlangan. Buyuk ipak yoʻli tarixiga nazar tashlasak, savdo hamkorligi keng taraqqiy etganiga guvoh boʻlamiz. Ajdodlar anʼanasiga muvofiq, bugungi kunda ham yurtimizda tadbirkorlik rivojlangan, sohaga keng eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada investorlarni jalb etish yaxshi samara bermoqda.

Qozogʻiston – Oʻzbekiston hamkorlik forumida investorlar bilan muzokaralar olib bordik. Ular mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitiga katta qiziqish bildirib, biz bilan hamkorlikka tayyor ekanini aytdi. Jumladan, “Novopek” kompaniyasi bilan qiymati 8 million AQSH dollariga teng 2 loyihani amalga oshirishga kelishib oldik. Ikki tomonlama savdo uyini ochish boʻyicha takliflar ham qoʻllab-quvvatlandi.

Mazkur forum viloyatimizga investorlarni jalb qilish, shu orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishga, demakki, aholi turmushi farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Timur DUYSЕNGALIYEV, “Kazak tourism” milliy kompaniyasi raisi oʻrinbosari (Qozogʻiston):

– Turizm iqtisodiyotning yangi, oʻziga xos boʻgʻini sanalib, har bir mamlakatning kelajagini belgilab beradigan muhim sektorga aylandi. Bugunga qadar Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida turizm yoʻnalishida bir qator hamkorlik shartnomalari imzolangan. Ayniqsa, oʻtgan qisqa fursat ichida chegaraviy masalalarda ham ijobiy kelishuvga erishilgani bu borada muhim omil boʻldi.

Xalqaro tajribaga koʻra, turizm istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda, shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratishda asosiy rol oʻynaydi. Oʻzbekistonda ham turizmni keng koʻlamda rivojlantirish uchun davlat tomonidan bir qator tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Turizm sohasida faoliyat yuritayotganim uchun bu jarayonni doimiy kuzatib boraman. Ushbu forumni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad hamkorlikda loyihalarni qayta koʻrib chiqishdir. Bunday ijobiy hamkorlik iqtisodiyotimizdagi oʻsish surʼatini taʼminlaydi.

Islom JASIMOV, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari:

– Forumda Qozogʻistonda mamlakatimizning savdo uylarini tashkil etish boʻyicha kelishib oldik. Savdo uylari tadbirkorlar uchun yaxshi imkoniyat yaratadi, hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bois, biz bu takliflarni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Ishbilarmonlarimiz qozogʻistonlik tadbirkorlar bilan manfaatli shartnomalar imzoladi. Ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishib oldik.

Sabira ISAYEVA, “Kainar-AKB“ kompaniyasining marketologi (Qozogʻiston):

– Kompaniyamizda turli xil sigʻimdagi akkumulyatorlar ishlab chiqariladi. Mahsulotimizni Germaniya, Polsha, Portugaliya, Ukraina, Pokiston, Afgʻoniston va Oʻzbekistonga eksport qilmoqdamiz. Jumladan, joriy yilning 10 oyida Oʻzbekistonga 80 ming 728 dona akkumulyator eksport qildik.

Hamkorlik forumida Oʻzbekistonda kompaniyamizning filialini ochishga kelishib oldik. Kelishuvimiz amalga oshsa mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratamiz. Bundan biz ham manfaatdormiz.

Rasul SODIQOV, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisining maslahatchisi:

– Forumdagi ishtirokimizdan koʻzlangan maqsad – sifatli mahsulotlarimizni taqdim qilib, doʻstona hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Qozogʻistonga ham arzon, ham sifatli mahsulot yetkazib berish, eksport hajmini oshirish.

Aytish joizki, har qanday istiqbolli loyiha zahmatli mehnat talab qiladi. Shu maʼnoda, biz paxtani tola holida emas, balki toʻliq qayta ishlashni yoʻlga qoʻydik. Bugungi kunda turli yoshdagilar uchun tayyor kiyim mahsulotlarini ishlab chiqarib, jahonning 70 dan ortiq mamlakatiga eksport qilayapmiz.

Qozogʻistonda uyushmamiz tizimidagi 20 ga yaqin korxona oʻz savdo uyiga ega. Ushbu forumda xorijiy davlatlarga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlarimiz namunalari bilan qatnashmoqdamiz va yangi kelishuvlarga erishishga ishonchimiz komil.

 
Gʻayrat Shirinov
yozib oldi.
Qozogʻiston, Chimkent shahri.

 

OʻzA