“Oʻzbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik yurti” mavzusida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi

YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrda oʻtkazilgan 28-sessiyasida qabul qilingan “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” dunyoda tinchlik va totuvlikni taʼminlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda oʻzaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib xizmat qilmoqda.
photo5435892742656993781.jpg
Mazkur hujjat qabul qilingan sana — 16 noyabr butun dunyoda Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida belgilangan.
photo5435892742656993782.jpg
Poytaxtimizda ayni sana munosabati bilan “Oʻzbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik yurti” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
photo5435892742656993783.jpg
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Millatlararo munosabatlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekistondagi islom sivilizitsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Milliy madaniy markazlar hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda ekspertlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va jurnalistlar qatnashdi.
photo5438398482412054841.jpg
Seminarda alohida qayd etilganidek, bagʻrikenglik oʻzbek xalqi maʼnaviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida eʼtibor qaratib kelinadi.
photo5438398482412054842.jpg
Bu, ayni paytda Oʻzbekistonning barcha sohadagi islohotlarida ham oʻz aksini topgan. Xususan, “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yoʻnalishi aynan diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash masalasiga bagʻishlangani mamlakat Prezidenti va hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy vazifalarga qaratayotgani yuksak eʼtiborining namunasi hamdir.
Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Mazkur hujjat barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashish, eng muhimi, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlashga qaratilgani bilan eʼtiborga molikdir.
Seminarda Oʻzbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yoʻlida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.
Anjuman ishtirokchilaridan biri — Toshkent va Oʻzbekiston Yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiyning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston rahbariyatining saʼy-harakatlari bilan biz tinchlik, doʻstlik va oʻzaro hamjihatlikda hayot kechirmoqdamiz. Mamlakatda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillarining yaratuvchanlik kayfiyatida yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
-Bugungi kunda bagʻrikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan boʻlib qolaveradi. Oʻzbekistonda turli konfessiya vakillari oʻrtasida mustahkam doʻstlik, bagʻrikenglik muhiti taʼminlangan, -deydi Oʻzbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeje Matsulevich.
Ilmiy-amaliy seminarda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyati, ularning oʻz ona tili, millati tarixi, qadriyatlari va madaniyatini oʻrganish borasida amalga oshirayotgan keng koʻlamli ishlar toʻgʻrisida kelajak avlod egalari – yoshlarga maʼlumot berildi.
Anjuman doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan Oʻzbekistondagi millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini oʻzida aks ettirgan videolavhalar, bosma nashrlar, suratlar, turli xalqlarning amaliy sanʼati durdonalari koʻrgazmasi tashkil etildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati

 

OʻzA