Ish beruvchilar xodimlaridan qarzdorlikka oid maʼlumotnoma talab qilishga haqlimi?

Idora va tashkilotlarda ishlaydigan xodimlar maosh oladigan kuni yaqinlashganda kommunal toʻlovdan, soliqdan qarzingiz yoʻqmi, degan soʻroq va savollar uchrayotgani sir emas. Ayniqsa, maosh beriladigan kun shunday xizmatlar uchun pul ushlab qolinishi amaliyoti ham yoʻq emas.
Yaqinda Adliya vazirligi taʼlim va tibbiyot sohasi xodimlarining oylik ish haqidan turli xizmatlar uchun pul ushlab qolinishi bilan bogʻliq noqonuniy holatlarni fosh etgan edi. Vazirlikning navbatdagi oʻrganishi davomida koʻplab ish beruvchilar oʻz xodimlaridan soliqdan qarzi yoʻq, mazmunidagi maʼlumotnoma talab qilayotganini aniqladi.
Adliya vazirligi matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, bunday holatga asosan davlat idoralarining ish beruvchilari tomonidan yoʻl qoʻyilmoqda. Ammo ish beruvchining xodimdan qardorlikka oid maʼlumotmona talab qilishi mumkinligi qonunda nazarda tutilmagan.
Joylarda oʻtkazilgan monitoring natijalari tibbiyot, taʼlim muassasalari ish beruvchilari tomonidan qonunga zid ravishda xodimlardan maʼlumotnoma talab etayotganini koʻrsatgan. Xususan, Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida 75 va Buxoro viloyatining Jondor tumanida 65 holatda tibbiyot muassasalari xodimlaridan ish beruvchilar maʼlumotnomalar talab qilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, fuqarolardan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish paytida yer tuzish va kadastr organlari tomonidan bunday maʼlumotnomalarni talab etilganligi holatlari uchragan.
Xodimlardan maʼlumotnoma talab etilayotganligi holati nafaqat ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazishga, balki davlat xizmatlari markazlarida sunʼiy navbatlarning ortishiga sabab boʻlmoqda.
Aslida manfaatdor idora va tashkilotlar, zarur hollarda, soliq organlaridan bu kabi maʼlumotlarni soʻrovnoma yuborgan holda mustaqil olishlari mumkin. Soliq qarzdorligi aniqlangan taqdirda ish beruvchi faqat qarzdorlikni undirish haqidagi sud yoki davlat ijrochisining hujjati asosida uning oylik maoshidan ushlab qolish huquqiga ega.
Hozirda Adliya vazirligi mnfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish beruvchilar oʻz xodimlaridan har xil maʼlumotnomalarni noqonuniy talab etishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrmoqda.

 

N.Abduraimova, OʻzA