Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohining tarixi ming yillar bilan boʻylashadi

Tarixi ming yillarga borib taqaladigan obidalarni kelajak avlodga bus-butun yetkazish, asl holatini tiklash va bu orqali mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohi ana shunday qadamjolardan biridir. Ayni paytda mazkur majmuada belgilangan dastur asosida keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida joylashgan Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohining tarixi ming yillar bilan boʻylashadi. Bu yerdagi binolardan tortib, oʻramlari asrlardan darak beruvchi tut daraxtlari, qadim bitiklar bilan bezatilgan qabr toshlari bunga yaqqol misol. Qadamjoda ulugʻ alloma, hazrat Abul Muin an-Nasafiyning maqbarasi hamda shu nom bilan ataluvchi masjid saqlanib qolgan.
– Muqaddas qadamjoga keladigan ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ushbu obyektda keng koʻlamli qurilish- taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili Rahmatulloxon Usmonov. – Jumladan, 600 oʻringa moʻljallangan katta jomeʼ masjid barpo qilinmoqda. Bu masjid barcha zamonaviy qulayliklarga ega boʻlib, bu yerga keladigan ibodat qiluvchi fuqarolarimiz uchun barcha sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, hazrat Abul Muin an-Nasafiy qoʻnim topgan maqbara toʻliq rekonstruksiya qilinayotir. Majmua qariyb 1,5 gektarga yaqin maydonni oʻz ichiga olgan. Qolaversa, majmuaning ichida katta kitob fondiga ega boʻlgan kutubxona hamda muhtasham oʻquv zali qurilmoqda. Bu kutubxonada keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan oʻzbek va arab tillaridagi kitoblar jamlanishi moʻljallanmoqda.
Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohini taʼmirlash jarayonida tarixiy oʻzlikni saqlab qolish, shu bilan birga ziyoratga keluvchilar uchun keng qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
– Ziyoratgohda shunchalik oʻzgarish boʻlib ketdiki, bir yil oldin bu yerga kelgan kishi tanimay qoladi, – deydi qishloq faxriysi Neʼmat bobo Xolmatov. – Shu obida sabab boʻlib, qishlogʻimiz butun dunyoga tanilib ketdi. Hozirda bu yerdan ziyoratchilarning qadami arimaydi. Hatto xorijiy mamlakatlardan ham ziyoratchilar tashrif buyurmoqda. Hududimizda amalga oshirilgan bunday obodonchilik va ijobiy oʻzgarishlardan qishlogʻimiz ahli xursand.
Ziyoratgohning betakror koʻrinishi uchun meʼmorlar va quruvchilar astoydil harakat qilmoqda. Ulugʻ ajdodlarimiz va ularning xizmatlari uchun koʻrsatilayotgan bu ehtiromdan barcha minnatdor.

 

Oʻ.Barotov, OʻzA