Yurtimiz mustaqillikka erishgach, diniy qadriyatlar tiklandi. Sof islom diniga boʻlgan munosabat, qarashlar ham asl holiga qaytdi. Muqaddas dinimizning ulugʻ ibodatlari boʻlgan Haj va Umrani fuqarolarimiz tomonidan ado etish borasida ham yildan-yilga islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan joriy yildan eʼtiboran yurtimizdan muborak Umra ibodatlarini ado etish uchun boradigan fuqarolarimizning soni haqida cheklovlar olib tashlanganligi, boruvchilar endi avvalgidek yilning bahor faslida yoki Ramazon oyidagina emas, balki butun yil davomida ado etishlari belgilandi.
Ilgarilari ziyoratchilar oʻzlari uchun ajratilgan soatni kutib, oshxonalarda navbat bilan ovqat olishar va ancha qiyinchiliklarga duch kelar edi.
Ushbu mehmonxonalar ikki Haramga ham juda yaqin joyda joylashgan. Ziyoratchilarni Harami sharifga olib borish uchun kunu tun eng soʻnggi rusumdagi mikroavtobuslar tashkil qilinganligi oʻz navbatida yurtimizdan borgan ziyoratchilarni besh vaqt namozlarini Harami sharifda oʻqishi uchun imkon beradi degani.
Bundan esa ziyoratchilarning koʻngillari toʻlayotganligini ham koʻrishimiz mumkin.
Makka shahri mehmonxonasida ziyoratchilar ikki kishilik xonalarda istiqomat qilmoqda. Avvallari esa mehmonxonalardan toʻrt kishilikdan boshlanib, oʻn ikki kishilik xonalarda ham istiqomat qilishgan.
Muborak Umra ziyoratiga borgan yurtdoshlarimiz Makka shahridagi mehmonxonaga kelganlarida ularni Paygʻambarimiz (s.a.v)ni madh etuvchi turli xil nashidalar bilan kutib olinayotganligi, ularning poyiga gullar sepilayotganligi, ularga yuksak eʼtibor va ehtirom koʻrsatilayotganligidan kishi koʻziga yosh keladi.
Zero, Alloh taoloning baytini ziyoratiga borgan odam Allohning mehmoni boʻladi. Uning mehmonlariga esa mana shunday izzat va hurmat koʻrsatilishi kerak.
Madinai Munavvarada yurtdoshlarimiz Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v)ning Ravzai mutohharalarida ziyorat va ibodatlarda boʻlmoqda. Shuningdek, ular Madinai Munavvarada Qubo va Qiblatayn masjidlari, Uhud togʻi ziyoratlarida ham boʻlmoqda.
Ushbu muqaddas joylarda ziyoratchilar Islom dini tarixidagi ibratli voqealarni eshitib, duolar qilmoqda. Makkai Mukarramada esa, oppoq ehromlar ila Muborak Umra amallarini bajarib, Muqaddas Kaʼbai Muazzamada ibodatlarda qoim boʻlayotir. Bu muqaddas joyda Rahmat togʻi (Arofot), Nur togʻidagi Hiro gʻori, Savr togʻidagi gʻor va dinimiz tarixidagi diqqatga sazovor boʻlgan maskanlarni ham ziyorat qilmoqda.
Ziyoratchilarimizga koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromdan juda mamnun ekanligini ularning koʻzlaridan koʻrishimiz mumkin. Ular doimo ibodatlari, duolarida Yurtboshimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bunday islohotlar, koʻlga kiritilayotgan yutuqlar, xalqning gʻamini hamma narsadan ustun qoʻyishi oqibatida Muborak ziyoratlarning mana shunday yaxshi sharoitlarda tashkil qilinayotganligidan xursand boʻlib, duoi xayrlar qilmoqda.
Alloh taolo ziyoratchilarimizni ibodatlarini Oʻzi dargohida qabul aylasin. Yurtboshimizni tinch va salomat qilsin.