“www.vesti.ru”ning xorijiy OAVga asoslanib xabar berishicha, Yevrosiyo goʻzallik tanlovining 2016 yildagi gʻolibasi 25 yoshli Sibel Demiralpga tovlamachilik va odam oʻgʻirlash ayblari bilan 13 yillik qamoq jazosi tayinlandi.
Maʼlum boʻlishicha, Sibel tovlamachilar toʻdasi bilan aloqada boʻlgan.
U internet orqali boy zargar bilan tanishadi. Shundan soʻng yangi tanish qiz bilan shaxsan uchrashmoqchi boʻladi. Ayni maqsadda Sibel xonadoniga boradi. Ammo, bu vaqtda uni bosqinchilar kutib turgan edi. Ular zargarga tan jarohati yetkazishdan tashqari, 240 ming lira (45 ming dollar atrofida) ham talab qilishadi. Jabrdiyda aytilgan pulni toʻlab, jonini saqlab qoladi.
Mazkur voqeadan politsiya tezda xabar topib, toʻdaning barcha aʼzolari, xususan Sibelni ham qoʻlga olgan.
Xabarda qayd etilishicha, tovlamachi toʻdaning Sibeldan tashqari boshqa aʼzolariga ham uzoq yillik qamoq jazosi tayinlangan.
Malohat Husanova, OʻzA