Fraksiya aʼzolari hozirda qaysi qonun loyihalari ustida ishlamoqda?

Parlament quyi palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi shu yilning oʻtgan davri mobaynida amalga oshirgan ishlari sarhisobiga bagʻishlab matbuot anjumani oʻtkazdi.
Unda fraksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan axborot berildi.
Hisobot davrida 32 marta fraksiyaning kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazilib, ularda partiya elektorati manfaatlari ifoda etilgan. Shuningdek, 117 qonun loyihasi birinchi va keyingi oʻqishlarda koʻrib chiqilgan. Mazkur qonun loyihalari boʻyicha fraksiya aʼzolari tomonidan partiya dasturiy maqsad va gʻoyalari aks etgan 300 dan ortiq takliflar ishlab chiqilib, masʼul qoʻmitalarga taqdim etildi. Eʼtiborlisi, bildirilgan takliflarining 200 ga yaqini inobatga olindi.
Mutbuot anjumanida qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan kiritilgan 19 qonun loyihasining 10 tasining ishlab chiqilishida fraksiya aʼzolari bevosita ishtirok etgani qayd etildi.
Ayni paytda, fraksiya aʼzolari “Issiqlik taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Davlat minimal ijtimoiy standartlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ustida ish olib bormoqda.
Anjumanda fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyatiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlanganidek, oʻtgan davr mobaynida fraksiya Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi bilan hamkorlikda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining qonuniy xuquq va manfaatlarini himoya qilish, yetim bolalarning yashash, taʼlim olish xuquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosarining axborotini eshitdi. Eshituv yakunida sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Deputatlar uyma-uy yurib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan nazorat tahlil ishlarini olib bordi. Oʻrganishlar mobaynida 150 nafarga yaqin aholi ishga joylashtirildi, 100 nafardan ziyod fuqarolarning tibbiy va tibbiy-ijtimoiy xizmatdan foydalanish huquqi taʼminlandi. Bundan tashqari, 500 ga yaqin xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari, 48 savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektiga bank terminallari yetkazib berildi.
Aholi bilan muloqotlar, qonun loyihalarini ishlab chiqish, uning normalarida inson manffatlari ustuvor qilib belgilanishida qoʻl kelmoqda. Oʻrganishlari natijasida partiya elektorati manfaatlariga qaratilgan 3 yangi qonun loyihasi, 5 qonunga oʻzgartirishlar kiritishda fraksiyaning takliflari ishlab chiqildi.
Aholini boqimandalik kayfiyatidan chiqarish maqsadida shu yilning oʻzida fraksiya aʼzolari hamda partiyaning mahalliy kengashlardagi deputatlik birlashmalari 2 mingga yaqin kam taʼminlangan fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurib, muammolarini oʻrgandi. 500 nafarga yaqin kam taʼminlangan oila vakillariga oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun imtiyozli kreditlar olishga amaliy yordam koʻrsatildi.
Oʻtgan davrda fraksiya deputatlari fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga masʼuliyat bilan yondashdi. Pirovardida, fuqarolar tomonidan kelib tushgan 194 yozma murojaatning 150 tasi ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar ham atroflicha oʻrganib chiqilib, tegishli tavsiyalar, huquqiy maslahatlar berildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA