Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Ushbu zavod 1975-yilda qurilgan. 2007-yilda “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” davlat unitar korxonasiga aylantirilgan. Bugungi kunda “Talko” togʻ-kon va kimyo-metallurgiya sohalarida koʻplab korxonalarni birlashtirgan.
Joriy yil iyul oyida Oʻzbekistonning “Krantas grupp” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan Tojikiston alyuminiy kompaniyasi hamkorligida “Talko-Krantas” maxsus texnikalar zavodi tashkil etildi. Mazkur qoʻshma korxonada avtokranlar, traktor pritseplari, yarimtirkamalar va boshqa maxsus texnikalar ishlab chiqariladi.
Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining tashrifi chogʻida ushbu istiqbolli loyiha taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston alyuminiy kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.