Davrimiz qahramonlari haqida hikoya qiluvchi kitoblar dunyoga keldi

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondi tomonidan “Adib va jamiyat” rukni ostida nashr etilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

photo5285040009319131462.jpg
Tadbirda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda barcha sohalar qatori adabiyot rivojiga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-avgustdagi ijodkor ziyolilar bilan oʻtkazgan tarixiy uchrashuvidan keyin adabiyotimizda roʻy bergan jonlanish, ijodkorlarni Vatan va xalq oldidagi masʼuliyatini his etishga undayotgani, yangi asarlar yaratilishiga ilhomlantirayotganligi xususida aytib oʻtdi.

photo5285040009319131463.jpg
Shuningdek, Prezidentimizning 2018-yil 5-apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati xususida soʻz bordi.

photo5285040009319131465.jpg
Qarorda uyushma aʼzolarining ijtimoiy-maʼnaviy faolligi va masʼuliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub oʻzgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga ragʻbatlantirish, uyushma aʼzolarining moddiy va maʼnaviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, ular uchun har tomonlama sharoit yaratib berish, mashaqqatli ijodiy mehnatini adolatli baholash kabi vazifalar belgilab berilganligi taʼkidlandi.

Bugungi kunga kelib, ushbu eʼtibor natijasida mamlakatimizdagi ulkan oʻzgarishlar va bunyodkorliklar haqida, oʻz mehnati, shijoati bilan mustaqil davlatimiz rivojiga hissa qoʻshayotgan davrimiz qahramonlari haqida hikoya qiluvchi kitoblar dunyoga keldi.

Jumladan, Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon “Fargʻonaliklar” esse-safarnomasini, Enaxon Siddiqovaning “Barxanlarda ungan gul” liro-epik qissasini, Mahmud Toir “Yangilanayotgan Oʻzbekiston” dostonini, Iqbol Mirzo esa matonatli sportchilarimiz haqida “Zarb” qissasini yaratdi.

Bulardan tashqari Eshqobil Shukurning “Bobo soʻz izidan” tadqiqot asari, yosh shoir va publitsist Shodmonqul Salomning “Koʻngil obidasiga yoʻl” nomli maqola va badialar toʻplami, shuningdek “Men Oʻzbekiston fuqarosiman” va “Xalq qalbiga yoʻl” publitsistik maqolalar toʻplamlari dunyoga keldi va bu asarlar “Adib va jamiyat” ruknida nashr etildi. Bunday ijodiy faollik bugun ham davom etmoqda. Ayni shu kunlarda Bahodir Qobulning “Enayoʻl” nomli qissa va hikoyalar toʻplami nashrdan chiqish arafasida.

Tadbirda atoqli ijodkorlar soʻzga chiqishib, nashr etilgan asarlar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA