Karmanalik oʻqituvchi D. Qudratovaning maktab direktori tomonidan asossiz ravishda dars soatlari qisqartirilganligidan norozi boʻldi. UAdliya vazirligining onlayn murojaat aksiyasi davomida bu haqda maʼlum qildi. Murojaat Karmana tumani adliya boʻlimi tomonidan tezkor oʻrganib chiqildi. Oʻqituvchining arzi asosli boʻlgani uchun bu masala adliyaning aralashuvi bilan ijobiy hal etildi. Fuqaro D. Qudratovaga 13 soat dars tayinlanib, u sinf rahbarligiga qayta tayinlandi.

-Inson huquqlari boʻyicha oʻtkazilgan onlayn murojaat aksiyasida shu kabi 620 dan ortiq murojaat tushdi, – deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva.- Murojaatlarning asosiy qismi shaxsiy huquq va erkinliklarga rioya etish va mehnat qilish huquqining kafolatlari hamda ijtimoiy taʼminot va mulk huquqiga oid boʻldi. Murojaatlarning 255 tasi qanoatlantirilgan boʻlsa, 323 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 42 tasi esa tegishliligiga koʻra boshqa tashkilotlarga yuborildi.

429 murojaat bevosita tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan koʻrib chiqilib, 26 qonunbuzilish holati aniqlandi. Aksiya doirasida tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan 16 taqdimnoma va 2 ogohnoma kiritilgan boʻlsa, sudlarga 51 million soʻmdan ortiq summaga 3 daʼvo arizasi kiritildi. Shuningdek tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga maʼmuriy javobgarlik bilan bogʻliq toʻrt, jinoiy javobgarlikka tortishga oid bitta taklif yuborildi.

Fuqaro Z. Sariyevaning murojaati joyiga chiqib oʻrganilmaganligi va unga oʻz vaqtida javob berilmagani uchun S. Doʻsovga nisbatan Toʻrtkoʻl tumani adliya boʻlimi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi. Shu kabi murojaatni koʻrib chiqish tartibini buzganSh. Hafizovga nisbatan toʻplangan hujjatlar Boysun tumani adliya boʻlimi tomonidan sudga yuborildi.

Aksiya doirasida Yangibozor tumani adliya boʻlimining 2018-yil 25-avgustdagi 92-son taqdimnomasiga asosan fuqaro G.Qoʻchqorova Yangibozor tumani DSENMga avvalgi lavozimiga ishga tiklandi.

Bundan tashqari, aksiya davomida fuqarolardan kelib tushgan takliflar asosida ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan bu kabi onlayn aksiya doimiy ravishda oʻtkazib boriladi.

 

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA