Isroil Madrimov: “Bayroqdorlik masʼuliyatini oqlash menga bosim yukladi”

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda keng sport jamoatchiligi, Osiyo oʻyinlarining qahramonlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Marosim yakunida Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi bayroqdori boʻlgan Isroil Madrimovning fikrlari bilan qiziqdik.
– Avvalo shuni taʼkidlab oʻtishni istardim, bunday eʼtibordan boshimiz koʻkka yetdi. Vatan oldidagi arzimas xizmatlarimizni shunday yuksak darajada eʼtirof etilishi har birimizni yanada ruhlantiradi. Shu bilan birga bu eʼtibor va gʻamxoʻrlik bizga katta masʼuliyat yuklaydi. Oldinda Tokio – 2020 olimpiadasi turibdi. Maqsadimiz – toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasida ham munosib ishtirok etish hamda yurtimiz bayrogʻini yanada yuqorilarga koʻtarish.
– Osiyo oʻyinlari boshlanmasidanoq zimmamga katta masʼuliyat yuklandi. Musobaqaning ochilish marosimida terma jamoamiz bayroqdori boʻlishdek sharafli vazifa hammaga ham ishonib topshirilavermaydi. Shu paytgacha Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo oʻyinlarida olti marotaba ishtirok etgan boʻlsa-da, bayroqdor boʻlgan sportchimiz yakunda oltin medalni qoʻlga kiritolmagan ekan. Qachondir bu noxush anʼanaga chek qoʻyilishi kerak edi va shukrki oʻzimga yuklatilgan ishonchni oqlashga muvaffaq boʻldim.

 

Otabek Eshmamatov, O’zA