Toshkent Fotosuratlar uyida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda Muruvvat va Saxovat internat uylarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash Respublika Vasiylik kengashi hamkorligida tashkil etilgan anʼanaviy xayriya tadbiri doirasidagi koʻrik-tanlov shunday nomlandi.
Mustaqilligimizning 27 yilligiga bagʻishlangan koʻrik-tanlovda taniqli rassomlar, akademiklar, maʼnaviyat targʻibotchilari, professor-oʻqituvchilar, oʻquvchi-yoshlar, keng jamoatchilik hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Unda ijodkorlarning 200 ga yaqin ijodiy kartinalari namoyish etildi. Ushbu ijodiy ishlar hayʼat aʼzolari tomonidan oʻrganib chiqildi va turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.
Hayʼat qaroriga koʻra, professional rassomlar oʻrtasida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, rangtasvirchi rassom Fayzulla Ahmadaliyev “Ona” va “Ota” asarlari uchun birinchi darajali, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, rangtasvirchi rassom Patxilla Hayitov “Oy borib, omon qayt” asari uchun ikkinchi darajali, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, haykaltarosh Kamola Ahmedova “Ayol. Kutish” asari uchun uchinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
Talabalar oʻrtasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari Avaz Nasriddinovga “Ostona” asari uchun birinchi darajali, Muhiddin Turdiyevga “Asrlar sadosi” asari uchun ikkinchi darajali hamda Xumoyun Norboyevga “Mehr” asari uchun uchinchi darajali diplomberildi.
Fargʻonalik yosh rassom Shuhrat Oʻrinboyev “Mehr” asari uchun Gran-pri sohibi boʻldi.
Shuningdek, koʻrik-tanlovning boshqa ishtirokchilariga ham maxsus diplomlar topshirildi.