Kadrlar muammosi bor jabhada rivojlanish tendensiyasi toʻgʻrisida gapirish mushkul…
Veterinariya yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida har yili oʻrtacha hisobda 200 nafar oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlanayotgan edi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, bu koʻrsatkich sohada kadrlarga boʻlgan ehtiyojni toʻliq hal etish imkoniyatini bermasdi. Kadrlar muammosi bor jabhada esa rivojlanish tendensiyasi toʻgʻrisida gapirish mushkul.
Prezidentning 2017-yil 9-dekabrdagi Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida agrar sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan kadrlar yetishmayotgani, ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligi alohida qayd etildi. Chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash boʻyicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayotganligi xususida soʻz yuritilib, yurtimizda veterinariya meditsinasi institutini tashkil etishning fursati kelganli taʼkidlangan edi.
Jahonning ilgʻor tajribalari oʻrganilgan holda sohaning zamon talablari asosida rivojlanishini hamda malakali kadrlar yetishtirish maqsadida joriy yil 8 mayda Prezidentning “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Oʻz navbatida, institut oldiga qator vazifalar qoʻyildi – soha uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, rivojlangan xorijiy davlatlarning veterinariya va chorvachilik sohasi boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganish asosida taʼlim jarayonlariga tadbiq etish hamda taʼlim berish jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash.
Joriy oʻquv yilida sohada joylardagi oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, institutga talabalarni viloyatlarga ajratilgan kvotalar asosida qabul qilishga erishildi. Oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan defitsit oʻrnini qoplash maqsadida sirtqi boʻlim joriy qilindi. Kunduzgi taʼlim boʻyicha 750 nafar bakalavr va 50 nafar magistr yoʻnalishiga, 450 nafar talaba sirtqi taʼlim boʻyicha oʻqishga qabul qilindi.