Joriy yilning 8 oyi davomida yurtimizga tashrif buyurgan yapon sayyohlari soni eng yuqori koʻrsatkichga yetdi.
Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 3 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan shu yil 10 fevraldan boshlab 7 mamlakat, jumladan, Yaponiya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz kirish tartibi joriy etilgani bu borada muhim qadam boʻldi.
Yaponiya fuqarolari uchun viza tartibining bekor qilinishi ushbu mamlakat ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-turistik doiralari tomonidan yuqori baholanib, jamoatchilikda Oʻzbekistonning madaniyati, tarixi va turizm salohiyatiga qiziqish yanada ortishiga sabab boʻldi.
Davlatimiz rahbarining xorijiy sayyohlarni koʻpaytirish borasidagi topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Tokiodagi elchixonasi Yaponiya turistik kompaniya va tashkilotlari, jamoatchilik bilan tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, yurtimizga yaponiyalik sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida Tokio va boshqa yirik shaharlarda 100 dan ortiq muzokara va taqdimot oʻtkazildi. Yaponiyaning nufuzli sayyohlik koʻrgazmalarida ishtirok etilmoqda. Ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonning qadimiy tarixi, betakror obidalari, oʻziga xos urf-odatlari haqida muntazam chiqishlar qilinmoqda. Joriy yil may oyida oʻtgan “Oʻzbekiston madaniyati haftaligi” ham Yaponiya jamoatchiligi tomonidan qizgʻin olqishlandi.
Shu yil iyul oyi boshida Yaponiyaning yetakchi turistik korporatsiyasi – “HIS” yapon fuqarolari uchun yoz faslida eng jozibador mamlakatlar reytingini chop etdi. Unda Oʻzbekiston ikkinchi oʻrinni egalladi.
Elchixona tomonidan Kunchiqar yurtda mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini targʻib qilish boʻyicha amalga oshirilgan kompleks tadbirlar natijasida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan yapon sayyohlari joriy yil yanvar – avgust oylarida ilk bor 10 mingdan oshdi. Yaʼni, 2017 yilning shu davriga nisbatan 154 foizga oʻsdi.
Maʼlumki, oʻtgan yili yurtimizga Yaponiyadan kelgan sayyohlar eng yuqori koʻrsatkichga chiqqan edi. Yuqoridagi natija bu yil ham Yaponiyadan Oʻzbekistonga “turistik bum” boʻlishini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlandi. OʻzA