Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qoʻmitasi raisi Li Chjanshuning taklifiga binoan, ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Bu haqda Parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytida maʼlum qilindi.
Taʼkidlash lozimki, Xitoy Xalq Respublikasi mamlakatimiz hamkorlari orasida yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Tarixiy nuqtai nazardan qisqa davr mobaynida mamlakatlar oʻrtasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning keng doirasi boʻyicha doimiy ravishda ochiq va samarali siyosiy muloqotlar olib borilmoqda. Ularning asosini oliy darajadagi, jumladan, SHHT sammitlari doirasidagi munosabatlar tashkil etadi.
Tashrifning ilk kunida delegatsiyamiz aʼzolari bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi va Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qoʻmitasi raisi Li Chjanshu oʻrtasida kechgan muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalar qatori Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va istiqbollariga taalluqli masalalarga eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan, 2017 yil may oyida Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash bilan birga, barcha sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Tashrif davomida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi 100 dan ziyod hujjat imzolangani, erishilgan kelishuvlar doirasida umumiy qiymati 23 milliard AQSH dollaridan ortiq koʻplab sarmoyaviy loyihalar ayni paytda amalga oshirilayotgani ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yanada amaliy koʻrinish olganini anglatadi.
Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda oʻzbek-xitoy munosabatlari keng qamrov kasb etib, imkoniyatlari ortib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, ikkala mamlakatga ham parlamentlararo aloqalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha toʻplangan tajribani yanada boyitish hamda uni hayotga tatbiq etgan holda, munosabatlarni yangi pogʻonaga koʻtarish imkonini beradi.
Parlamentimiz delegatsiyasining Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Van Chen bilan boʻlib oʻtgan muloqotida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi aloqalar koʻplab yoʻnalishlar qatori parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Xitoy qonun chiqaruvchi oliy organlari oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqboliga doir masalalar muhokama qilindi. Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, qonun ijodkorligi faoliyati boʻyicha tajriba almashishga oid masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolarining Xitoy xalq siyosiy maslahatlashuv kengashi Butunxitoy qoʻmitasi raisi Van Yan bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro manfaatli hamkorlik, ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Bunda ikki mamlakat rahbarlarining oʻzaro qator masalalarga yondashuvi, shu bilan birga, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar borasidagi qarashlari oʻxshash va yaqin ekani muhim omil boʻlayotgani aytib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida yana bir qator muhim uchrashuvlar oʻtkazilishi, parlamentarizm borasidagi aloqalarni kuchaytirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muloqotlar tashkil etilishi kutilmoqda.
OʻzA