Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 19-sentyabr kuni Kristian Dan Preda boshchiligidagi Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qoʻmitasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻldi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi A.Kurmanov mehmonlarni Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan tanishtirdi. Davlat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, soʻz erkinligi va inson huquqlari himoyasini mustahkamlash borasida parlament rolini yanada oshirish boʻyicha izchil ishlar qilinayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston barcha yoʻnalishda, xususan, tashqi siyosat sohasida ham oʻzaro manfaatga asoslangan pozitsiyasini namoyon etmoqda. Jahon hamjamiyati mamlakatimiz bilan savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar jabhalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda.
Uchrashuvda parlamentlararo aloqalar istiqbollari, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro foydali hamkorlik boʻyicha yangi strategiyani amalga oshirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi. Yevropa ittifoqi bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni jadal rivojlantirish nafaqat YEI mamlakatlari va Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari manfaatlariga ham javob beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida delegatsiya aʼzolari bilan kechgan uchrashuvda mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirish diqqat markazida boʻldi.
Markaziy Osiyo mintaqasi uchun dolzarb boʻlgan Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq ekologik muammoga eʼtibor qaratildi. Yuqori martabali mehmonlar ekologik fojia oqibatlarini kamaytirish borasida Oʻzbekiston tomonidan amaliy choralar koʻrilayotganini eʼtirof etdi.
Yevroparlament aʼzolari Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasidagi munosabatlar har ikkala tomon manfaatlariga mos kelishini, uni yanada rivojlantirishda hali ishga solinmagan imkoniyatlardan toʻla foydalanish birdek manfaat keltirishini qayd etdi.
Muloqot davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.