Oʻzbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentyabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qoʻmondoni general Jenson Boylz va AQSH Kongressi Vakillar palatasi aʼzosi Trent Kellini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, joriy yil may oyida AQSHga rasmiy tashrif davomida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali uchrashuv va muzokaralar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikda yangi davrni boshlab bergani vauni aniq mazmun bilan boyitganini alohida taʼkidladi.
Bugun koʻp qirrali Oʻzbekiston – AQSH munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, fan va texnika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qoʻshma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
2-rasmiy_5039.jpg
Uchrashuvda Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va tegishli idoralarining Missisipi shtati Milliy gvardiyasi bilan, jumladan, jamoat tartibini taʼminlash va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish sohasida tajriba almashish, trening va tadbirlar oʻtkazish borasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, Missisipi shtatining yetakchi korxonalari va kompaniyalari bilan savdo va innovatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, taʼlim sohalarida sheriklikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
General J.Boylz va kongressmen T.Kelli davlatimiz rahbariga samimiy qabul va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir aniq tashabbuslari uchun minnatdorlik bildirdi.
Mehmonlar mamlakatimizda sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan islohot va oʻzgarishlarni yuksak baholadilar. Samarali parlamentlararo va idoralararo muloqotlarni davom ettirish, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish ishlarini faollashtirishga tayyorlik bildirdi.
AQSH delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi keng koʻlamli amaliy sheriklikni yanada mustahkamlash uchun barchasaʼy-harakatlarini ishga solishini taʼkidladi.

 

Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA