Oʻzbekiston – Xitoy tadqiqot institutlari hamkorlikni mustahkamlaydi

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Bir makon, bir yoʻl: Oʻzbekiston va Xitoy tadqiqot institutlari va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida muloqot” mavzucida xalqaro simpozium boʻlib oʻtmoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Xitoy xalq diplomatiyasi assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, diplomatik korpus vakillari, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Simpoziumning ochilishida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Akmal Burhonov, Xitoy xalq diplomatiyasi assotsiatsiyasi bosh kotibi Chjao Siyuan va boshqalar “Bir makon, bir yoʻl” loyihasining amaliy ahamiyati, xususan, uning Markaziy Osiyo uchun dolzarbligi haqida fikr bildirdi.
5.JPG
Markaziy Osiyoda transport, savdo, investitsiya, energetika va yuqori texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda ushbu tashabbus muhim oʻrin tutadi. Mazkur hamkorlikning yangi yoʻnalishi unga jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy taraqqiyoti, turli sivilizatsiyalar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tinchlik va barqaror rivojlanishga koʻmaklashishni koʻzda tutadi.
Tadbirda xalqlarimiz manfaatlariga toʻliq javob beradigan teng sheriklik munosabatlarini yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda. Bunda Oʻzbekiston – Xitoy tadqiqot institutlari va OAVlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasida transport, savdo, investitsiya, energetika va yuqori texnologiyalar sohalaridagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz hamkorlik doirasida Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa bozorlari bilan bogʻlaydigan transport-logistika yoʻnalishlarini ochish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.
4.JPG
Tadbir doirasida xalqlar oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlash, ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi muloqotni faol joriy etish, turli sivilizatsiyalar oʻrtasidagi yakdil taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan maʼruzalar tinglandi. Bu “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusida Oʻzbekistonning nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki madaniy-gumanitar, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik nuqtai nazardan ishtirok etishiga yaqqol misol.

 

U.Shonazarov, Otabek Mirsoatov (surat), OʻzA