Turli biznes rejalar va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshishida kreditlar ajratib kelayotgan tijorat banklari, soʻnggi paytlarda tezkor va zamonaviy bank xizmatlari turlarini koʻpaytirishga ham muhim vazifa sifatida qaramoqdalar.
Aholiga qulaylik yaratish va zamonaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish maqsadida “Qishloq qurilish bank” ham “Mirobod” dehqon bozoriga yaqin hududda yangi shoxobcha binosini qurib, ishga tushirdi.
24/7 rejimida, kechayu kunduz, bank xodimisiz uzluksiz xizmat koʻrsatadigan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish shoxobchasi poytaxt aholisi uchun Mustaqillik bayramiga oʻziga xos bayram tuhfasi boʻldi.
Shoxobcha zamonaviy xizmat koʻrsatuvchi infokiosklar, bankomatlar va infomonitorlar bilan jihozlangan.
Fuqarolar bu yerda kunning istalgan vaqtida soʻm plastik kartalaridagi mablagʻlarni naqdlashtirib olishi mumkin.
Shuningdek, “Qishloq qurilish bank” mijozi boʻlgan yuridik shaxslar bank filiallariga bormasdan, shoxobchaning oʻzida pul oʻtkazish bilan bogʻliq amaliyotlarni bajarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Shoxobcha faoliyati bilan qiziqsangiz, borib, xizmatlardan foydalanib koʻring. Xalqimizda “Yuz marta eshitgandan koʻra, bir marta koʻrgan afzal…” naqli bejizga aytilmagan.
OʻzA