Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti bergan bayonotga qaraganda, har yili 800 mingdan ortiq kishi oʻz joniga qasd qiladi. Yaʼni har 40 daqiqada bir kishining oʻz joniga qasd qilishini anglatadi. Bu boradagi ilk hisobot yaqinda eʼlon qilindi.
Tahlilchilarning soʻzlariga qaraganda, asosan 15 yoshdan 29 yoshgacha boʻlgan shaxslar oʻz joniga qasd qilar ekan. Shuningdek, 70 dan oshgan qariyalar ham bu dunyodan oʻz jonlariga qasd qilgan holda ketishga moyil boʻlishar ekan. Erkaklar ayollarga nisbatan uch barobar koʻp oʻz joniga qasd qilishadi. Har toʻrtdan bitta oʻz joniga qasd qilish holati qashshoq va rivojlanish yoʻliga oʻtgan mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi 45 yilda oʻz joniga qasd qiluvchilar soni jahonda 60%ga oshgani aytiladi.
Oʻz joniga qasd qilish rasmiy tilda Suitsid (lotincha. sui caedere — oʻzini oʻldirmoq) deb ataladi. Mazkur muammo jahon sogʻliqni saqlash tarmogʻi uchun asosiy global fojia ekani taʼkidlanadi.
Har yili 10-sentabrni Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti Oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish Xalqaro assotsiatsiyasi (International Association for Suicide Prevention) bilan hamkorlikda Jahon oʻz joniga qasd qilishlarning oldini olish kuni (World Suicide Prevention Day) sifatida nishonlaydi.
Bu sana 2003-yildan beri nishonlanib kelinmoqda. Shu kuni jahonda oʻz joniga qasd qilishlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar sarhisob qilinadi. Tahlilchilarning soʻzlariga qaraganda, hozir zamon shu qadar tez rivojlanib borayaptiki, u yoki bu hollarda kishilar oʻz hayotlariga qarshi jinoyat qilishga, yaʼni jonlariga qasd qilishga majbur boʻlmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, jahonda zoʻravonlik asosida yuz bergan oʻlimlarning teng yarmini oʻz joniga qasd qilish holati tashkil etadi.
Tahlilchilar Sharqiy Yevropa mamlakatlari suitsid boʻyicha birinchi oʻrinda ekanini aytishadi. Yaponiyada har yili 30 ming kishi oʻz joniga qasd qiladi. Oʻz joniga qasd qiluvchilar Lotin Amerikasi va musulmon davlatlarida juda ham ozchilikni tashkil qiladi. Soʻnggi vaqtlarda Rossiyada oʻz joniga qasd qiluvchilar soni yoshlar orasida koʻplab uchramoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bir yilda suitsidlar soni bir millionga yaqinlashib qolayotganidan xavotirga tushmoqda. Agar vaziyat shu tariqa davom etadigan boʻlsa, 2020-yilga borib oʻz joniga qasd qiluvchilar soni bir yarim barobar oshar ekan. Shu sababli ham oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish Xalqaro assotsiatsiyasi Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda Jahon oʻz joniga qasd qilishlarning oldini olish kunini oʻtkazar ekan, dunyo hukumatlari va jamoatchilikka murojaat qilib, insonlarning hayotini saqlab qolish maqsadida masʼuliyatni his qilishga chaqirmoqda.
Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti nafaqat oʻz joniga qasd qilish holatlarini toʻxtatishga, balki hayotdan toʻyib ketgan kishilarni davolashga eʼtibor qaratish lozimligini aytib keladi.
Tahlilchilar Yevropa va Shimoliy Amerikadagi vaziyatni oʻrganib chiqqanlaridan soʻng, mazkur mintaqa mamlakatlarida ruhan tushkunlikka tushgan va spirtli ichimliklar ichish natijasida odamlar oʻz jonlariga qasd qilishlarini aniqladilar. Mutaxassislar jahon mamlakatlarida oʻz joniga qasd qilish holatlarini bartaraf etish maqsadida yetarlicha targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmayotgani aytib, nolishadi.
Oʻsmirlar asosan qashshoqlik, oila aʼzolari yoki tengdoshlarining salbiy munosabati, rad etilgan sevgi, oʻqishdagi oʻzlashtirish pasayishi, bedavo kasallik, bolalikdagi zoʻravonliklar asorati, giyohvand va alkogol mahsulotlar isteʼmoli oqibatida oʻz jonlariga qasd qiladi.
AQSHdaoʻz joniga qasd qiluvchilar oʻq otar qurollardan (52,1 foiz), oʻzlarini osish va boʻgʻish (22,2 foiz), zaharlanish (17,6 foiz) va boshqa metodlar (8,1foiz)dan foydalanishadi.
Bugungi kunda bir qator mamlakatlarda oʻz joniga qasd qilishga uringan shaxslar jazoga tortiladi. Masalan, Hindistonda oʻzini oʻldirishga uringan shaxs bir yil ozodlikdan mahrum qilinadi yoki jarimaga tortiladi. Singapurda ham oʻzini oʻldirishga uringan shaxslar bir yil qamoqda oʻtirishga majbur.
Soʻnggi soʻz oʻrnida taʼkidlash kerakki, jahon dinlarining barchasida oʻz joniga qasd qiluvchilar qattiq qoralanadi va gunoh sifatida koʻriladi. Ayrim xalqlarda oʻz joniga qasd qiluvchilar qabristondan tashqariga koʻmiladi. Islom dinida esa oʻz joniga qasd qilganlarga janoza oʻqilmaydi.
Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA