Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Oʻzbekistonda tinch maqsadlarda foydalanish uchun atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik qilish boʻyicha hukumatlararo kelishuvni imzoladi.
“RIA Novosti” nashrining bu haqidagi xabarida taʼkidlanishicha, kelishuvni imzolash marosimi Rossiya va Oʻzbekistonning iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi majlisi yakunlari boʻyicha Rossiya hukumati Qabullar uyida boʻlib oʻtdi.
Kelishuv Oʻzbekiston hududida atom elektr stansiyasini loyihalashtirish va qurish, shuningdek, ishga tushirish va foydalanishda hamkorlikni koʻzda tutadi. Atom elektr stansiyasi Rossiya loyihasi boʻyicha energetik reaktor asosidagi har birining quvvati 1,2 GVt boʻlgan ikki energoblokdan iborat.
OʻzA