Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 18-avgust kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilovni qabul qildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi, qat’iyati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalardagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Tojikiston rahbarining O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi teng huquqli, o‘zaro manfaatlarga asoslangan o‘zaro munosabatlarni strategik darajaga ko‘tardi.
Tashrif doirasida Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam huquqiy asosga ega. 1992-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalariga doir ko‘plab davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo shartnoma va bitimlar imzolangan.
Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda – 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshida Tojikiston parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha guruhga asos solindi. Tojikiston parlamentida ham mamlakatimiz parlamenti bilan do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi g‘oyat samarali kechayotgani, tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha yakdil kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolangani mamlakatlarimiz munosabatlarini yuksak darajaga ko‘tarishi alohida ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz hamkorligini yanada rivojlantirish, davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo imzolangan hujjatlarni ratifikatsiya qilish va ijrosini nazorat qilishda parlamentlar faolligini oshirish zarurligi qayd etildi.
Emomali Rahmon parlamentlararo aloqalarni batafsil muhokama qilish va hamkorlikning aniq qirralarini belgilab olish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilovni Tojikistonga taklif etdi.

 

M.Elmurodov, A.Abdullayev (surat), O‘zA