O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Xalqimizning ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etadigan qadimiy bayramimiz Qurbon hayitini munosib nishonlash, jamiyatimizda insonparvarlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak fazilatlarni kamol toptirish maqsadida:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 21 avgust seshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–5290-son Farmoniga muvofiq 2018-yil 21-23-avgust kunlari – Qurbon hayitining birinchi uch kuni mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Qurbon hayitining joylarda yuqori saviyada, xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–5290-son Farmoni 2-bandining oltinchi xatboshisidagi “24-avgust – jumaga” so‘zlari “22-avgust – chorshanbaga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2018-yil 15-avgust