Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldirilib, unda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun alohida javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksi 244-moddasining to‘rtinchi qismida ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, ushbu modda yangi beshinchi qism bilan to‘ldirilib, unda o‘quvdan o‘tgan shaxs o‘z xohishi bilan o‘quvdan o‘tgani haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilab qo‘yilmoqda.
Quyi palatada qonun loyihasini takomillashtirish davomida berilgan taklif-tavsiyalar inobatga olindi, bir qator tahririy tuzatishlar kiritildi.
Muhokamalarda ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jinoyatlarni profilaktika qilishga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi, bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va mutasaddilar tomonidan javoblar qaytarildi.
M.Komilova,
O‘zA