Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlariga viloyatlar hokimliklari biriktirilgan edi. Qorao‘zak tumaniga Namangan viloyati hokimligi biriktirilib, o‘tgan yillar mobaynida ular tomonidan bir qator ish o‘rinlari barpo etilib, fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

Shu munosabat bilan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

Viloyat hokimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov bilan birgalikda Nukus shahrida Uychi tumani tajribasi asosida umumiy qiymati 12 milliard so‘m bo‘lgan kichik sanoat zonasi tashkil etilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. “Namangan-Nukus-Uychi” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida temirchilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etilib, unda qo‘shimcha savdo markazlarini qurish ko‘zda tutilgan. Mehmonlar kichik sanoat zonasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida  ishtirok etdi.

Delegatsiya a’zolari Qorao‘zak tumanidagi madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Namangan viloyat hokimi Sh.Abdurazzoqov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov tuman aholisini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng, kam ta’minlangan 50 nafar ishsiz fuqaroga motokultivator, tikuv mashinasi, maishiy buyumlar hamda kam ta’minlangan oilalardan 140 nafar bolaga yangi yil sovg‘alari topshirildi.

Namangan viloyati vakillari bilan hamkorlikda tumandagi so‘lim maskanlardan birida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Unda so‘zga chiqqanlar  kattaga hurmat, kichikka izzat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat ekanligi va bu an’ana avloddan avlodga davom etib, uch avlodni birlashtirmoqda deb ta’kidladi. Shuningdek, hayotimizda katta tajriba maktabini yaratib ulgurgan nuroniylarning umr yo‘li, boy tajribasi bugungi avlodga o‘rnak bo‘lishi alohida qayd etildi.

Uchrashuv Namangan viloyati Madaniyat xodimlarining Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan konsert dasturi bilan davom etdi. Shundan so‘ng, viloyat hokimligi xomiyligida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj 250 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Mehmonlar tumandagi investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Namangan viloyati tomonidan “Yesim” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan yirik “Yuksak sanoat metall” mas’uliyati cheklangan jamiyatni qurish rejalashtirilib, korxona ishga tushgandan so‘ng 5,5 million AQSH dollarlik metallni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, “Nam motor servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 14,5 million AQSH dollarlik Nasos va elektr-dvigatellar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda “Boster tekstil” loyihalarini ishga tushirish ishlari boshlanmoqda.

Mehmonlar ushbu loyihalar bilan tanishib, kelgusi rejalarni belgilab oldilar. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi  natijasida tumanda 300 taga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.

Delegatsiya tumanning “Yesim” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi ijtimoiy soha  ob’ektlaridan 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurib, xodimlar va bolalar bilan suhbatlashdi. Ushbu ta’lim muassasalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, bolalarga viloyat hokimligi sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bolalar holidan xabar olinib, ularga ham bayram sovg‘alari berildi.

Shu kuni delegatsiya a’zolari tuman yoshlari bilan uchrashdi. Tadbirda mehmonlar yoshlarni yurtimizga kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy qutlab, faol yoshlarga viloyat hokimligi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri