O‘zbekistonda 18-19 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov rahbarligida 2018 yil avgust oyida mamlakatimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va tozalik oyligi, 18-19 avgust kunlari umumxalq xayriya hasharini tashkil etish va Qurbon hayitini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, uni munosib o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, 18-19 avgust kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hasharini munosib tashkil etish bilan bog‘liq masalaga to‘xtalib o‘tildi.
Mustaqilligimizning yigirma yetti yilligi va Qurbon hayiti bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga alohida daxldorlik hissini shakllantirish, xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, yoshlarimizni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va respublikaning barcha hududlarida sanitariya holatini yaxshilash maqsadida 2018 yilning avgust oyi mamlakatimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va tozalik oyi deb e’lon qilindi.
Hashar kunlari aholi, ayniqsa, yoshlar ongida “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” degan g‘oyani chuqur singdirish, o‘z uyini, mahallasini, ish joyini toza, ozoda saqlash, obod bo‘lishiga hissasini qo‘shish, bu jarayonlarga mahalla aholisi, korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlarini uyushgan holda, jamoa bo‘lib ishtirok etishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgoh, qabriston va muqaddas qadamjolarni tartibga keltirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Ba’zi qabristonlar va ziyoratgohlar achinarli ahvolga tushib qolganligi, tartibga keltirilmaganligi, shuningdek, ba’zi xiyobonlar, dam olish va istirohat bog‘larining ahvoli talabga javob bermasligi tanqid qilindi. Buning uchun aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish zarurligi aytildi.
Qayd etilganidek, joriy yilda ariqlar, daryo va suv havzalari atroflarini tozalash ishlariga katta e’tibor berilmoqda. Hashar kunlari respublikamizning barcha hududlarida kanallar, ariqlar, zovurlar atrofini maxsus texnikalar jalb etgan holda tozalash ishlarini tashkil etish yuzasidan joylardagi hokimliklarga topshiriqlar berildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish bo‘yicha ham zarur topshiriqlar berildi. Umumxalq xayriya hashari qatnashchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlash kerakligi aytildi. Ichki ishlar vazirligiga umumxalq hashari kunlari jamoat tartibini saqlash, yong‘in va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar berildi.
Yig‘ilish davomida Qurbon hayitini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib o‘tkazish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, hayit namozi vaqtida jamoat tartibini saqlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytildi.
Qurbon hayiti munosabati bilan hayit namozi o‘qiladigan 2 mingga yaqin masjidlarda, 8,5 mingdan ortiq muqaddas qadamjolarda, qabristonlarda, shuningdek, istirohat bog‘lari, bozorlar va odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish talab etiladi.
Qurbon hayitining joylarda, ko‘tarinki ruhda, tartibli va xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda bayramona o‘tishini ta’minlash lozimligi, namoz o‘qiladigan masjid hududida avtomobil qatnovini cheklash, avtoturargohlarda xavfsizlik choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Bozorlarda savdo xizmatini yuqori saviyada yo‘lga qo‘yish, narx-navo sun’iy ravishda oshishining oldini olish tadbirlariga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
Mehribonlik, Muruvvat, Saxovat uylari, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilat ekanligi ta’kidlandi. Ushbu muborak bayramni munosib nishonlash bo‘yicha aniq topshiriq va vazifalar berildi.

 

N. Nasriyev, O‘zA