Toshkent temir yo‘l vokzalida Qozog‘iston poligonida tashkil etilgan “Artilleriya o‘t ochish ustalari” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, ota-onalar, o‘quvchi-yoshlar, harbiy orkestr sozandalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Polkovnik Xojiddinmurod Kamolov yetakchilik qilgan artilleriyachilarimiz 1- va 2-bosqichlarda individual estafeta, 3-bosqichning yarim final bahslarida imkoniyatlarini namoyish etib, finalda Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Qirg‘iziston va Rossiyaning eng kuchli artilleriyachi jamoalarini ortda qoldirib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rin mezbonlarga, uchinchi o‘rin Rossiya va Ozarbayjon vakillariga nasib etdi.
“ArMI – 2018”ning “Artilleriya o‘t ochish ustalari” tanlovida qayd etgan natija hakamlar hay’ati hamda Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya Federatsiyasi mamlakatlari jamoalari harbiy xizmatchilarining samimiy olqishiga sazovor bo‘ldi.
– Artilleriyachilarimiz ushbu nufuzli musobaqaga ilk bor qatnashishiga qaramay, yuqori natijaga erishdi. Hal qiluvchi bahsda harbiylarimiz jismonan va ruhan ustuvor ekanligini namoyish etdi. Kelgusida bu kabi musobaqalarda bundan-da yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga va’da beramiz, – deydi minomyotchilar hisobi guruhi komandiri mayor Fayzullo Karimov.
Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Xitoyning Korla shahri mezbonlik qilgan “ArMI – 2018” Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” tanlovida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik harbiylar tantanali kutib olindi.
To‘rt bosqichda bo‘lib o‘tgan “Xavfsiz marshrut” tanlovining yakuniy estafetasi natijalariga ko‘ra, 3-o‘rinni 48,36 daqiqa bilan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar egallagan bo‘lsa, 2-o‘rin rossiyalik harbiy xizmatchilarga nasib etdi (41,13 daqiqa). 35,31 daqiqa natija bilan 1-o‘rin Xitoy jamoasiga nasib etdi.
M. Toshqorayeva, O‘zA