Munosabat
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Yaqinda Prezidentimizning “Yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi va sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati yaratildi.
Ushbu qarorda belgilangan aksariyat vazifalar partiyamiz g‘oya va maqsadlariga hamohangligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zligini saqlab qolish va ular bilan doimiy muloqotni kengaytirishga qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 avgustdagi qarori bilan “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda mazkur fond xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari asosida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish, chet davlatlarda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquqiy yordam ko‘rsatish, rivojlangan xorijiy davlatlarda yashab kelayotgan olim va ijodkor vatandoshlarimizning yurtimiz nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi.
Jumladan, qarorga ko‘ra vatandoshlarga qo‘shimcha huquq va imtiyozlar beradigan “Vatandosh” guvohnomasi hamda “Vatandosh” kartasi joriy etilmoqda. Guvohnoma va karta O‘zbekistonda aksiya (ulush) sotib olgan, xorijiy yoki qo‘shma korxona tashkil qilgan, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, xalqaro imiji yanada yuksalishiga hissa qo‘shgan vatandoshlarga beriladi. Bunda, ushbu guvohnoma va kartaga ega bo‘lgan vatandoshlarga qator huquq va imtiyozlar beriladi. Ya’ni O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish, O‘zbekiston hududida ishlash huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz mehnat faoliyatini olib borishda O‘zbekiston hududida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi, ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko‘chmas mulk miqdorlari tatbiq etilmaydi. O‘zi va oila a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish, oila a’zolariga davlat bojisiz ko‘p martalik viza olish va uning amal qilish muddatini O‘zbekiston hududidan chiqmasdan uzaytirish, oila a’zolarini vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda davlat bojidan ozod qilish va boshqa ko‘plab imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uzviy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokiga zarurat mavjudligini ta’kidlaydi. Bu ularga ham o‘zlarining tarixiy Vatani – O‘zbekistonning obro‘sini oshirishda ishtirok etishiga, vatandoshlik burchini bajarish uchun beriladigan imkoniyat deb hisoblaydi va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror asosida kelajakda xorijdagi vatandoshlar bilan birgalikda mamlakatimiz rivoji yo‘lida katta ishlar amalga oshiriladi.
Tajibay Romanov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari.
O‘zA