BRICS uyushmasiga a’zo davlatlar G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va barcha mahbuslarni hech qanday shartsiz ozod qilishga chaqirdi. Ushbu qaror assotsiatsiya sammiti yakuni bo‘yicha qabul qilingan Qozon deklaratsiyasida qayd etilgan.
– G‘azoda keng qamrovli va doimiy o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, barcha garovga olinganlar, ikki tomonda noqonuniy asirda ushlab turilgan mahbuslarni hech qanday shartsiz zudlik bilan ozod qilish zarurligini eslatamiz, – deyilgan hujjatda. – Sektorga gumanitar yordamni to‘siqsiz, barqaror va keng ko‘lamda yetkazish, shuningdek har qanday tajovuzkor harakatni cheklash lozim.
A’zo davlatlar rahbarlari BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini to‘liq bajarishga chaqirib, Misr, Qatar va jarayondagi boshqa ishtirokchilarning Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketilishiga qaratilgan sa’y-harakatini olqishladilar.
Shuningdek, yig‘ilish davomida tuzilmaga a’zo davlatlar rahbarlari Ukraina ziddiyatini muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal etish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
BRICS XVI sammiti asosiy hujjatida ayni mavzu yuzasidan fikr yuritilib, barcha davlatlar BMT Nizomi maqsadi va tamoyiliga to‘liq hamda o‘zaro bog‘liq holda harakat qilishi kerakligi ta’kidlangan.
Qozon deklaratsiyasi Kreml saytida joylashtirilgan.