Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining g‘arbiy mintaqasida uchinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.

Musobaqaning  “A” guruhidan joy olgan   “Ravshan” va “Traktor” jamoalari bahsida 1:3 hisobi qayd etildi. Mazkur musobaqada “Mohun Bagan” klubi ishtirok etmayotgani bois “Al-Vakra” ushbu turda dam oldi. Mazkur natijalardan so‘ng “Traktor” klubi 6 ochko bilan guruhda yaqqol peshqadamga aylandi. Bir mag‘lubiyat va g‘alaba qayd etgan “Al-Vakra” jamoasi esa 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.  “Ravshan” esa hamon ochkosiz qolmoqda.

Endi to‘rtinchi turda “Traktor” – “Ravshan” o‘rtasida javob o‘yini o‘tkazilsa, “Al-Vakra” yana dam oladi.

“B” guruhida “Al-Tavun” o‘z maydonida “Altin Asr”ni  2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “Al Quva Al-Javiya” esa o‘z maydonida “Al-Xaldiya” klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, “Al-Tavun”, “Al-Xaldiya” va “Al Quva Al-Javiya” jamoalari hisobidagi ochkolar soni 6 taga yetdi. Faqatgina “Altin Asr” 3 o‘yinda mag‘lub bo‘lib, guruh autsayderi bo‘lib turibdi.

4-turda   “Altin Asr” – “Al-Tavun”, “Al-Xaldiya” – “Al Quva Al-Javiya” jamoalari bellashuvi o‘tkaziladi.

“S” guruhida “Sharja” uchinchi tur doirasida “Sepahon” klubini qabul qildi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.  “Istiqlol” esa “Al-Vehdat”ga qarshi o‘tgan o‘yinda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Qayd etilgan ushbu natijalardan so‘ng, guruhda “Al-Vehdat” va “Sharja” bir xil 7 ochko bilan guruhdagi yuqori pog‘onalardan o‘rin oldi. “Sepahon” esa 3 ochko to‘plagan holda uchinchi o‘rinni band etdi. “Istiqlol” jamoasi esa musobaqadagi omadsiz yurishini bu turda ham davom ettirdi.

Bu guruhdagi to‘rtinchi tur bahslarida   “Al- Vehdat”– “Istiqlol”, “Sepahon”– “Sharja” jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining “D” guruhidan o‘rin olgan  “Al Husayn” – “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 2:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, “Shabab Al-Ahli” 4:1 hisobida “Kuvayt SK”ni taslim qildi.  Shu tariqa,  “Shabab Al-Ahli” va “Al Husayn” o‘z ochkolarini 6 taga yetkazgan holda guruh peshqadamiga aylandi. “Nasaf” esa 4 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. “Kuvayt SK” uch o‘yindagi mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onada qoldi.

Guruhdagi to‘rtinchi tur uchrashuvlarida ushbu jamoalar yana o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. Ushbu bahslarning o‘tkaziladigan joyi o‘zgaradi xolos.

Musobaqaning 4-tur o‘yinlari 5-6 noyabr kunlari tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA