O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy Kengashlarga deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari, o‘qituvchi va talabalar, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar, saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga beshikast yetkazish, xalqimizning milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlar, ko‘p asrlik tarixini chuqur o‘rganish, targ‘ib etish, har bir vatandoshimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish va mustahkamlash partiyaning ustuvor vazifalari hisoblanadi. Bosh maqsad – qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurishdir.

– Biz uchun “Qadriyat” – milliy urf-odat, an’ana va ko‘p asrlik tariximizni chuqur ifodasi, voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy-ma’naviy ahamiyatini ko‘rsatish vositasidir, –  dedi partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Tajibay Romanov. –  “Taraqqiyot” esa rivojlanishning oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga yo‘nalgan shakli bo‘lib, jamiyat va davlat rivojining yuksalishini ifodalaydigan, inson tafakkurini ulg‘ayish, yangilanish hamda tiklanish yo‘nalishidir.

Partiya uchun eng ustuvor masala, shubhasiz, bu – tarbiya. Yangi dasturda ham ana shu g‘oyadan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida bugun Yangi O‘zbekistonda tarbiya va ta’lim, ya’ni maktabgacha va maktab, oliy ta’lim masalalariga ustuvorlik berilgan. Shuningdek, partiya dasturida milliy madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash, O‘zbek tilning davlat tili maqomini oshirish, oilani mustahkamlash, ayollar va yoshlarga munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ham qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan boshqa nomzodlar ham so‘zga chiqib, o‘z saylov hududi shart-sharoiti va aholi murojaatlaridan kelib chiqib tayyorlagan saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu, albatta, xalqning farovonligini oshirish, mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi orqali odamlarni rozi qilishdir.

“Milliy tiklanish” nomzodlarining asl maqsadi ham Yangi O‘zbekiston islohotlarida faol qatnashib, xalqimiz bilan o‘zaro yaqinlashish, ularning dardi, tashvishlari bilan yashash, saylovchilari ishonchini oqlashdir. Shuning uchun, huquq va imtiyozlardan shaxsiy manfaatlari yo‘lida emas, aziz saylovchilari manfaatlarini himoya qilish yo‘lida foydalanish, muammolar yechim topishida davlat va xalq o‘rtasida ishonchli vakil bo‘lishdir.

Uchrashuvda turli soha vakillari ham so‘zga chiqib, kelajakda xalqimizning orzu-umid va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda bu yo‘lda yelkama-yelka harakat qilishiga ishonch bildirdilar va barchani 27 oktyabrda o‘tadigan saylovlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishga chaqirdi.

Tadbirdan so‘ng Nukus shahridagi “Kattagar” mahalla fuqarolar yig‘inida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatligiga nomzodlar, Yoshlar va Ayollar qanoti faollari uyma-uy yurib, saylovchilarga partiyaning maqsad va g‘oyalari aks etgan materiallarni tarqatdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.