Elektr energiyasi tejalmoqda
Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 180 kVt quvvatga ega navbatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 420 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Buning evaziga yiliga 45 ming kubometr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi. Shu tariqa Taxiatosh IESda bunyod etilgan quyosh fotoelektr stansiyasining umumiy quvvati 1,7 MVtga yetdi. Korxonada muqobil energiya manbalarini joriy etish hisobiga o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi 5-6 foizgacha tejalmoqda.
Shuningdek, jami sig‘imi 2800 litr bo‘lgan 14 ta quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, yuvinish xonalari to‘liq quyosh suv isitkichlariga o‘tkazilgan.
Mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Mo‘ynoq tumanida aholi bandligini ta’minlash maqsadida kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tumanda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan monomarkaz tashkil etilgan bo‘lib, tikuvchilik, oshpazlik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, chilangar va xorijiy tillar bo‘yicha tashkil etilgan kurslarda ishsiz fuqarolar bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Tumanda tashkil etilgan mehnat yarmarkasida hududidagi 43 ta tashkilot, korxona va tadbirkorlik sub’ekti jami 166 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Tadbir natijasiga ko‘ra 35 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Shuningdek, bir qator ishsiz xotin-qizlarga o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida tikuv ham to‘rlash uskunalari topshirildi.
Bosh prokuror kubogi musobaqasi
Nukusdagi respublika yakka kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida mahalla yoshlari orasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning Milliy kurash turi bo‘yicha Bosh prokuror kubogining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada 9 ta vazn toifasida shahar va tumanlardan 120 nafardan ortiq yosh polvon g‘oliblik uchun bellashdi. Musobaqa g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.