2024 yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Oliy Majlis Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida dastlab “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan telekommunikatsiya bozori rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi va amaliyoti chuqur tahlil qilindi. Unda telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi regulyator va ushbu bozorni rivojlantirish siyosatini olib boruvchi davlat organlarining vazifalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Jumladan, qonunda tartibga soluvchi organga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatlarda telekommunikatsiya infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirish, operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini ta’minlash vakolatlari berilmoqda.
Shuningdek, tartibga soluvchi organning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilab qo‘yilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga yengillik berish bilan birga hukumatning iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bo‘yicha strategik dasturining muhim qismi bo‘lgan telekommunikatsiya sektorining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun yangilangan Konstitutsiyaga mos ravishda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni to‘laqonli ta’minlash va kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan.
Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim etishi belgilanmoqda.
Qonun bilan Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilmoqda.
Shuningdek, Ombudsman va uning o‘rinbosari vakolatlari, daxlsizligining qo‘shimcha kafolatlari ham joriy etilib, ularga yuklatilgan vazifalarning muammosiz va samarali bajarilishi qonunda mustahkamlanmoqda.
Qonunda saylanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkinligini nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonunda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi” tushunchasi kiritilib, unga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning murojaat qilishining huquqiy mexanizmi belgilanmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirib, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtiradi.
Uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlari kengayishiga va hududiy vakilliklari faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan Soliq kodeksiga yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun rag‘batlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Kodeksga tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi tushunchasi kiritilmoqda.
Yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan soliqlar bo‘yicha (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno) ortiqcha to‘langan summani qaytarish uch kunlik muddatda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi bo‘yicha “AAA” toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan esa soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno).
Mazkur toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazilmasdan bir kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Mazkur qonun soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan va qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ularni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish, tutzorlarni tashkil etish va ipak qurtini boqish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq joylarda aholi bandligini ta’minlashda muhim tarmoqlardan biri hisoblangan pillachilikda izchil islohotlar amalga oshirilib, bugungi kunda respublikamizda pillani qayta ishlash, ipak qurti urug‘chiligi va tutchilik xo‘jaliklarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, sohada 108 ming doimiy va 1 milliondan ortiq mavsumiy ishchilarning bandligi ta’minlanmoqda.
Soliq kodeksining 483-moddasiga 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Qonunga ko‘ra pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lari hamda bo‘shagan mablag‘larni kasanachilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi.
Qonunda pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda hisoblab chiqarilishi belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada ishlab chiqarish hajmi, tayyor mahsulot ulushi hamda eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq hamda Bojxona kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda telekommunikatsiyalar operatorlariga soliq va bojxona imtiyozlari berilmoqda.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq endilikda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan respublika hududiga olib kiriladigan tezkor qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalari soliq solishdan ozod qilinadi va mazkur texnik vositalar soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, Bojxona kodeksiga yuqorida ko‘rsatilgan texnik vositalarni bojxona bojini to‘lashdan ozod qilish tarzida tarif imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, harbiy xizmatni nazarda tutuvchi boshqa idoralar harbiy yuklar bojxona rasmiylashtiruvida bojxona yig‘imini to‘lashdan ozod qilinmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, qonun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga hamda tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda yerdan oqilona va samarali foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida aholining yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi.
Ammo, sohada hanuz ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi va shu maqsadda mazkur qonun ishlab chiqildi.
Qonun bilan amaliyotga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bog‘liq qilmishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi jinoyatlar faqatgina prokuratura organlari tomonidan tergov qilinishi belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday turdagi jinoyatlarni tergov qilish nafaqat prokuratura, balki ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan ham amalga oshirilar edi.
Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni sudlarda ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq da’vo ariza kiritishda davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.
Muhokama davomida qonunning qabul qilinishi yer uchastkalariga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligi oshishiga, jinoyatlar bo‘yicha yetkazilgan zararning o‘z vaqtida undirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qizg‘in muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik to‘qqizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati