“Xalqaro minbar” loyihasida falastinlik o‘qituvchi va yozuvchi, doktor Hasan Nabihning “Urush dahshatiga qaramay, G‘azo universitetlari uchun umid bor” maqolasi taqdim etiladi. Muallif Misrning Ayn Shams universitetida ingliz tili va adabiyoti bo‘yicha bakalavr, Kaliforniya shtatidagi Fresno universitetida tilshunoslik bo‘yicha magistr, Boston kollejida tilni rivojlantirish fanlari nomzodi darajasini olgan. 40 yildan buyon ingliz tilidan dars beradi.
– Men o‘qituvchi sifatida optimistman, lekin hozirgi vaziyatda talabalarimni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limdan ko‘p ish kelmayapti, – deydi Hasan Nabih. – G‘azodagi urush hayotning barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, ko‘plab maktab va universitetlar binolari ham vayron bo‘ldi. Shulardan biri – men ishlaydigan Islom universiteti G‘azodagi 18 oliy o‘quv yurtidan biri. Bu ilm dargohida avval 87 000 ga yaqin talaba o‘qigan.
Men kasbimni juda yaxshi ko‘raman, talabalarim bilan yaxshi munosabatni doim saqlayman. O‘qituvchilik men uchun – missiya. Universitetni ikkinchi uyim, deb bilardim.
Oxirgi 12 oy ichida hech kimga dars o‘tolmadim. Hatto, COVID pandemiyasi payti universitet yopilganda ham, onlayn ma’ruza o‘tgandim. Hozir bor infratuzilma, jumladan telekommunikatsiya tizimi ishdan chiqqani bois, masofadan saboq berish imkoni yo‘q.
G‘azoga hujum davom etsa-da, favqulodda choralar ko‘rilgan. Falastinnning ta’lim sohasiga mas’ul idorasi hududdagi universitetlar vayron qilinganiga qarshi petitsiya tarqatib, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalarni mahalliy yoshlarning ta’lim olish huquqini ta’minlash uchun samarali choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Jurnalistlar va huquq faollari Falastin ahli bilan xalqaro birdamlikni mustahkamladi va kelajakni qayta barpo etishda bizga yordam berishi shubhasiz.
Qolaversa, G‘arbiy Sohildagi bir necha yetakchi oliy ta’lim maskanlari sektorda oliy ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Masalan, Birzeyt universiteti mart oyida G‘azoning institutsional infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash, tadqiqotchi va talabalarga akademik sayohatini yakunlash uchun zarur bilimni olishda yordam berish uchun resurs bilan ta’minlashga qaratilgan “Umidni yangilash” loyihasini yo‘lga qo‘ydi.
Falastin hukumati, qator mahalliy va xalqaro universitetlar mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Natijada G‘azo oliy o‘quv yurtlarida o‘qigan bir necha ming o‘g‘il-qiz, jumladan Islom universiteti talabalari allaqachon onlayn o‘qishni boshladi.
Darvoqe, talabalarimizga Yevropada bir semestr davomida o‘qish uchun sharoit yaratiladigan “Erasmus+” almashinuv stipendiyasiga ariza berish targ‘ib qilinmoqda. Men ham shogirdlarimga mavjud imkoniyatdan foydalanishlari uchun mamnuniyat bilan tegishli tavsiyanoma yozib berdim.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA