Milliy antidoping agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston “Rowing&Sanoe” federatsiyasi sportchisi Shohmurod Xolmurodov doping tufayli 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Musobaqa davrida bu sportchidan olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan “Klomifen“ moddasi borligi aniqlangan.
Aytish lozim, diskvalifikatsiya jazo muddatini o‘tayotgan sportchi, ushbu muddat tugagunga qadar xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi taqiqlanadi. Agar yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda ushbu sportchiga umrbod sportdan chetlatish muddati qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, tegishli kodeksda sport federatsiyasi yoki assotsiatsiyasiga nisbatan ham jazo chorasi qo‘llash mumkinligi belgilangan, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tiamiz, Sh.Xolmurodov o‘tgan yili Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida Nurislom To‘xtasin o‘g‘li bilan juftlikda bronza medalini qo‘lga kiritgandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA