Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida aravachada qilichbozlik bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada 100 nafarga yaqin para qilichbozlar g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini o‘zlari tanlagan sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun ayniqsa, aravachada qilichbozlik yo‘nalishi bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratish, ular o‘rtasida paralimpiya harakatini ommalashtirish va kelgusida nufuzli musobaqalarda jumladan, Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan avlodni kamol toptirish maqsadida tashil etilgan mazkur musobaqada ishtirokchilar jamoaviy bahslarda o‘zaro raqobatlashdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy oldi. Namangan hamda Andijon viloyati jamoalari esa ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni egalladi. Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mutasaddilari g‘olib va sovrindorlarga medal hamda maxsus diplom topshirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA