Malayziya Milliy axborot agentligi “Bernama” mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchisi Karomiddin Gadoyevning fikrlarini yoritgan. Maqolada ikki yurt o‘rtasidagi aloqalar geografik joylashuv nuqtai nazaridan Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyoni bog‘lovchi strategik ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi ko‘tarinki ruhda ta’kidlangan.
Agentlik muxbiri bilan suhbatda diplomatimiz Malayziya Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) raisligi zimmasiga olgan 2025 yil mavjud munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat ekaniga e’tibor qaratdi.
– ASEAN markazida joylashgan Malayziya biz uchun mintaqadagi yaqin do‘st, strategik hamkor sifatida hududdagi barcha davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga yordam berishi mumkin, – dedi u. – Shuningdek, davlatlarimiz madaniy, ijtimoiy jihatdan bir-biriga o‘xshash. Biz 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovida malayziyalik kuzatuvchilarni ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz.
Elchimiz O‘zbekistonda kechayotgan mazkur siyosiy jarayonda 50 dan ziyod xalqaro kuzatuvchi, shuncha davlat, jumladan Malayziyadan ham 150 nafar ommaviy axborot vositasi vakili ishtirok etayotganiga urg‘u berdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu hamkor mamlakat delegatsiyasi tarkibida olti nafar xalqaro kuzatuvchi va “Bernama” xodimi ham bor.
Malayziyalik kuzatuvchilar 1999 yildan buyon respublikamizdagi saylovlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, parlament va prezidentlik saylovi, shuningdek 2023 yil bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendum va navbatdan tashqari prezidentlik saylovida ham qatnashgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA