Rossiyaning Novosibir shahrida Yevgeniy Podgorniy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turnirda g‘olib chiqqan hamyurtimiz, jahon gimnastikasi tirik afsonasi Oksana Chusovitina jurnalistlarga navbatdagi Olimpiadada ham ishtirok etish niyati borligini ma’lum qildi. Bu haqda xabar tarqatgan Rossiyaning MatchTV kanali hamyurtimiz bilan tashkil etilgan qisqa suhbatni ham efirga uzatdi.
Tajribali sportchimiz ushbu musobaqa jarohatidan keyingi ilk sinov bo‘lgani, keyingi Olimpiadada ham ishtirok etmoqchiligi, tabiiyki, 2026 yilga belgilangan Osiyo o‘yinlarida qatnashishni maqsad qilganini aytgan.
2028 yil 14-30 iyul kunlari AQSH Los-Anjeles shahrida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarigacha Chusovitina 53 yoshni qarshilaydi.
Eslatib o‘tamiz, Oksana faoliyati mobaynida 8 bor Olimp bahslarida ishtirok etib, bittadan oltin va kumush medalga sazovor bo‘lgan. Vatandoshimiz uch karra jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, 4 martadan dunyo birinchiligi kumush va bronza medaliga ega chiqqan dunyodagi eng nomdor sportchilardan biri sanaladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA