16 oktyabr kuni “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra,  kasbiy ta’lim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirilib, kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi.

Texnikumlarda:

— kadrlar tayyorlash Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va O‘zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;

— boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi;

— boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan o‘quvchilar uchun – davlat granti asosida amalga oshiriladi;

— o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi;

— o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilariga o‘zlashtirgan modullari, to‘plagan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat etiladi.

Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan negizida texnikumlar tashkil etiladigan kasbiy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.

2025 yil 1 sentyabrgacha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari belgilangan tartibda kadrlar buyurtmachisi va sanoat hamkori sifatida texnikumlarga biriktiriladi.

2025/2026 o‘quv yilidan texnikumlarga quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat beriladi:

— fanlarni bir-biriga integratsiya qilishga hamda ajratilgan soatlar doirasida mutaxassislik va umumkasbiy fan (modul)larning soatlarini 30 foizgacha o‘zgartirishga;

— yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlari ishtirokida to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilishga;

— kadrlar tayyorlash va qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

— fuqarolar va ishsizlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishga;

— kasbiy ko‘nikmalar markazlaridan amaliyot bazalari sifatida bepul foydalanishga.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan talab “Kasbiy ta’lim” platformasi orqali shakllantiriladi.

2025/2026 o‘quv yilidan belgilangan texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

Xalqaro ta’lim dasturlari asosida ta’lim olgan va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilarga xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha diplom (sertifikat) hamda kasbiy ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.

2025 yil 1 yanvardan texnikumlarning direktor va direktor o‘rinbosari lavozimlariga talabgorlarni ochiq tanlov asosida tanlash tartibi joriy qilinadi.

Kasbiy ta’lim tizimida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha mas’ul organ etib Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilandi.

O‘zA