Albaniyaning Tirana shahrida sport kurashlari bo‘yicha U-23 toifasida navbatdagi jahon chempionati bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Kecha chempionatning ilk kunida yunon-rum kurashi ustalari -60, -67, -72, -82 va -97 kilogramm vazndagi saralash bellashuvlarida gilamga chiqdi.
Shiddatli bahslarda o‘zbekistonlik yunon-rum kurashi ustalaridan -60 kilogrammda Alisher G‘aniyev, -72 kiloda Abror Atabayev va -82 kilogramm og‘irlikda Samandar Bobonazarov vatanimiz sharafini himoya qildi.
Abror Atabayev dastlab Puerto-Riko vakili Brendon Navarroni 8:0, keyin ozarbayjonlik Ruslan Nurullayevni 3:2 hisobida taslim etdi. Chorak final bosqichida hamyurtimiz teng kurashlar ostidagi bahsda shvetsiyalik Georgis Barbanosga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Samandar Bobonazarov saralash bosqichida vengriyalik Miklos Kiralxazini 8:0 ko‘rinishida yenggan bo‘lsa, nimchorak finalda Germaniya terma jamoasi a’zosi Deni Nakayevga yo‘l berdi. Hisob hakamlar qaroriga binoan 4:1 ko‘rinishini oldi.
60 kilogrammda hamyurtimiz Alisher G‘aniyev ilk kurashda germaniyalik Georgios Skarpelloni (9:0) yengdi. Keyinroq ruminiyalik Denis Mixaini 8:0, chorak final bosqichida ukrainalik Bogdan Xrishinni 11:2 hisobida dog‘da qoldirdi.
U yarim final bosqichida Ozarbayjon terma jamoasi a’zosi Nihad Guluzadeni 9:0 hisobida taslim etib, finalga yo‘l oldi.
Bugun, 22 oktyabr kuni G‘aniyev chempionatda betaraf sportchi sifatida ishtirok etayotgan rossiyalik Dinislam Bammatov bilan ro‘baro‘ keladi.
Kun davomida shuningdek, yunon-rum kurashi vakillari -55, -63, -77, -87, -130 kilo og‘irlikdagi saralash bellashuvlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
Musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Doniyorxon Nakibov -77 kilogrammda gilamga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari 27 oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA