Mahalliy kino sanoati milliy madaniyat va san’atni rivojlantirishga, yoshlarni sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, keksa avlodga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga bebaho hissa qo‘shmoqda. Kino inson bilimini orttirishda muhim rol o‘ynaydi, uning boy mazmuni esa aholining bilimdonlik darajasiga bevosita ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning haqiqiy holati milliy kino sanoatining jadal rivojlanishiga, jahon kino bozorida raqobatbardoshlikni oshirishga, uni chet elda targ‘ib qilishga to‘sqinlik qiladigan bir qator hal etilmagan muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasining pastligi, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahoratlarining yetarli darajada sifatli emasligi, yoshlar uchun ma’naviy namuna bo‘lib xizmat qiladigan badiiy obrazlarning ko‘pincha mavjud emasligi milliy kinematografiyaning asosiy maqsadlari bo‘lgan – yosh avlodni jasorat va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash, yot “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurashish kabilarni amalga oshirishga imkon bermaydi;
ikkinchidan, kino mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha davlat buyurtmasini berish yuzasidan shakllangan amaliyot tatbiq qilinadigan tartiblarning ochiqligi va shaffofligini, byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishni, shuningdek, kinematografiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi;
uchinchidan, kino sanoati sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining o‘zini oqlashi va daromad keltirishiga qaratilgan zamonaviy marketing tadqiqotlari va aniq maqsadli kino ishlab chiqarish dasturlarining mavjud emasligi milliy kinematografiyaning yuqori zarar bilan ishlashiga olib kelmoqda;
to‘rtinchidan, kinoprokat va respublika bo‘ylab kino mahsulotlarini yetkazib berish samarasiz tizimlarining mavjudligi, ishlab chiqarilgan kino mahsulotlarining yetarli darajada targ‘ib qilinmasligi oqibatida aholining sust xabardorligi kinoprokatchilar daromadlariga, kinokompaniyalarning ijodiy va ishlab chiqarish xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, shuningdek, kinoteatrlar tarmog‘i faoliyatining tugatilishiga olib keldi;
beshinchidan, davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlariga ajratiladigan mablag‘larning yetarli emasligi, kino ishlab chiqaruvchilarni soliqqa tortish tizimining samarasizligi va yuqori soliq yuki kino sanoati sohasining rentabelligini cheklaydi va kinematografiyaning umumjahon rivojlanish tendensiyalariga muvofiq ilg‘or innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirmaydi;
oltinchidan, kino sohasidagi kadrlar tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ixtisoslashtirilgan, shu jumladan, chet davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, kino san’ati vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari tashkil etilmagan;
yettinchidan, mualliflik huquqi obyektlarini, shu jumladan, kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishini aniqlash va bartaraf etish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, qaroqchilikka qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarini yuqori darajada noqonuniy aylanmasiga va mamlakatdagi kinokompaniyalar va kinoteatrlarga sezilarli zarar yetkazilishiga olib keladi;
sakkizinchidan, mahalliy kinolentalarni jahonga mashhur xalqaro kinofestivallarga taqdim etish, shu jumladan, ularda ishtirok etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmayapti, madaniy o‘zaro almashinuv darajasining pastligi esa milliy kinematografiyani chet elda faol targ‘ib qilinishiga va uning jahon kino maydoniga qo‘shilishiga imkon bermayapti.
Mamlakatda kino sanoatini yanada rivojlantirish, kinokompaniyalar tanlovining shaffofligini ta’minlash, kinematografiya sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida:
1. “O‘zbekkino” Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda “O‘zbekkino” MA deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zbekfilm” AJ aksiyadorlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
“O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyatini jamiyat tarkibidan chiqib ketadigan aksiyadorlar bilan hisob-kitobni amalga oshirgan holda “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasini qayta tashkil etish;
“Hujjatli filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasini mamlakatning davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining eng muhim yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlarni tasvirga olish va ularni keyinchalik arxivlashtirish bo‘yicha vazifalarni yuklagan holda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi sifatida qayta nomlash;
“O‘zbekkino” MAning hududiy bo‘linmalari negizida ularning shtatlar soni, bino va boshqa moddiy-texnika bazasi, shuningdek, 2020 yilning 1 yanvariga qadar muddatda amaldagi moliyalashtirish manbalarini saqlagan holda “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasining filiallarini tashkil etish;
“O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” davlat muassasasini uningbalansida bo‘lgan mol-mulk va boshqa moddiy-texnik qimmatliklarni (ko‘chmas mulkni bepul foydalanishga) topshirish orqali nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etish.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda yangi tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin, uning ustav organlarini shakllantirishda zaruriy amaliy yordam ko‘rsatsin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, “O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kinomahsulotlarning yillik tematik rejasi yuzaga kelayotgan vaziyat, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi;
ishlab chiqariladigan badiiy filmlarni davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar bo‘yicha kvotalash tizimi joriy etiladi;
2019 yil 1 yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, mamlakatdagi barcha kinoteatrlarda namoyish etiladigan mahalliy badiiy filmlar namoyishi hajmlarini – sutkada ikkitadan kam bo‘lmagan shu kabi to‘liq metrajli filmlar bilan, 2021 yil 1 yanvardan esa oylik ekran vaqtining 25 foizidan kam bo‘lmagan, bayram kunlari 40 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda kvotalash tizimi joriy etiladi;
davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning smeta xarajatlarida ko‘rsatilgan mablag‘ning 10 foizi faqatgina ularning reklamasi va televideniye, radio va Internet tarmoqlaridagi piar-kompaniyasiga, shuningdek, tashqi reklamasini joylashtirish uchun foydalaniladi;
davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda reklama qilish, milliy teleradiokompaniya telekanallarida namoyish qilishda “O‘zbekkino” MAning shaxsiy koni mahsulotlari uchun mualliflik va mulkiy huquqlariga rioya qilgan holda, imtiyozli shartlarda amalga oshiriladi;
kinokompaniyalarning, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, davlat buyurtmasi bo‘yicha kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ishtiroki faqat “O‘zbekkino” MA tomonidan qonun hujjatlariga asosan tashkil etiladigan tanlov asosida amalga oshiriladi;
“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda “O‘zbekkino” MA tomonidan tasdiqlanadi;
“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tarkibiga, Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“O‘zbekkino” MA Badiiy kengashi tomonidan davlat buyurtmasi bo‘yicha kinomahsulotni ishlab chiqarish yuzasidan shartnomada belgilangan kinomahsulotlar ishlab chiqarishning har bir bosqichi yakunida, tayyor mahsulot, rejissyorlik ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligini hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholangandan so‘ng, ushbu kinomahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi.
“O‘zbekkino” MA O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqariladigan kino mahsulotlari uchun konkurs tashkil etish va uni o‘tkazish tartibi, shu jumladan, konkursda qatnashadigan kinokompaniyalar uchun talablarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi PQ–3176-son qarori bilan tashkil etilgan Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasining:
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda institutda “Ijro etuvchi prodyuser” va “Kinorejissura va kinodramaturgiya” yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki saralashdan o‘tgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislarini S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (keyingi o‘rinlarda – BKDI) qoshidagi “Kino va televideniye”ning oliy kurslariga o‘qishga yuborish;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yo‘nalishlari iqtidorli bitiruvchilari uchun BKDI assistentura-stajirovkasida “Ijro etuvchi prodyuser”, “Dramaturgiya” va “Audiovizual san’at rejissurasi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishlarni tashkil etish;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash bo‘yicha BKDI filialini (qo‘shma fakultetini) ochish, o‘qituvchilik faoliyatiga BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida avval tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislarni, shuningdek, master-klasslar o‘tkazish uchun institut professor-o‘qituvchilarini jalb qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
4. “O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrga qadar bo‘lgan muddatda BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchilari hamda respublika mutaxassislari o‘qishini tashkil etish, shuningdek, Toshkent shahrida institut filialini (qo‘shma fakultetini) ochish bo‘yicha BKDI rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazsin.
Belgilansinki:
BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida o‘qishga yuboriladigan shaxslar soni “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda tegishli soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda belgilanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi tomonidan markazga ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi;
BKDI oliy kurslarida va assistentura-stajirovkasida o‘qish uchun saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bilan shartnomalar tuziladi. Shartnomalarda nomzodlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida hamda BKDIning Toshkent shahrida tashkil etiladigan filialida (qo‘shma fakultetida) kamida uch yil muddatda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyati belgilab qo‘yiladi.
5. Quyidagilar asosiy vazifalari etib belgilangan “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etilsin:
kinoindustriya sohasining, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar kinokompaniyalarning ijodiy-ishlab chiqarish, texnik va boshqa xodimlarini shartnoma asosida rejissura, prodyuserlik, aktyorlik mahorati, kinooperatorlik, animatsiya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
nazariy jihatdan tayyorlashni amaliy ishlar bilan integratsiya qilish, kinoindustriya sohasida tajribaga ega malakali o‘qituvchilar va mutaxassislarni, shuningdek, xorijiy ekspertlarni qayta tayyorlash
va malaka oshirish jarayonlariga jalb qilish;
metodik va axborot bazasini yaratish, yaxshilash, doimiy yangilab borish, kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha zarur o‘quv qo‘llanmalari hamda tavsiyalarini ishlab chiqish;
kinoindustriya sohasi xodimlarini xorijiy kinokompaniyalarda qayta tayyorlanishi va ularning malakasi oshirilishini tashkil etish, chet ellik hamkorlar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish.
Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etiladi;
Markaz kinoindustriya sohasining, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar kinokompaniyalarning ijodiy-ishlab chiqarish, texnik va boshqa xodimlarini o‘qitish uchun olinadigan mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Markazga “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va egallab turgan lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
6. Quyidagilar:
“O‘zbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida kinoindustriyani yanada takomillashtirish “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
“Uchta shahar”, “101” va “Qahramonlar” loyihalarini amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Uchta shahar” loyihasini amalga oshirish doirasida kompleks tashkiliy-texnik va huquqiy masalalarning sifatli hamda o‘z vaqtida hal etilishi uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining raisi S.R.Xolmurodov – “Xalq diplomatiyasi shahri” majmui qismi yuzasidan;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov – “Etnoshahar” majmui qismi yuzasidan;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvining raisi A.S.Sultonov – “Kinoshahar” majmui qismi yuzasidan shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.
7. “O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston kinematografiyasini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili eng yaxshi mahalliy kino mahsulotlarini Kann, Berlin, Venetsiya, Rotterdam, Pusan, Moskva va boshqa mashhur xalqaro kinofestivallarda, shuningdek, jahonning yirik nufuzli kinobozorlarida namoyish etilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zbekkino” Milliy agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha xalqaro kinofestivallar va kinobozorlarda mahalliy kino mahsulotlarini namoyish etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini hisobga ogan holda byudjet mablag‘larini ajratsin.
8. 2018 yil 1 avgustdan boshlab “O‘zbekkino” Milliy agentligi markaziy apparatining xodimlariga ularning mehnatiga haq to‘lash oylik jamg‘armasining 100 foizi miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan shaxsiy ustama belgilansin.
9. 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga:
kino mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning prokati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan, bundan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ajratmalar mustasno, shuningdek, o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan kino ishlab chiqarish va kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari);
“O‘zbekkino” Milliy agentligi o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha “O‘zbekfilm”, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi”, “Respublika kinofondi”, “Respublika kinoprokat markazi”, “Multiplikatsion filmlar studiyasi” davlat unitar korxonalarini qayta qurish va jihozlash doirasida olib kiriladigan kino ishlab chiqarish hamda kino namoyish etish uskunalari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari) ozod etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablari, shuningdek, kinoindustriya sohasidagi boshqa ustuvor vazifalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga:
a) 2018 yil 1 avgustga qadar kinematografiya sohasida talab yuqori bo‘lgan kadrlarni (kinodramaturg, kinorejissyor, kinoprodyuser va boshqalar) tayyorlovchi yangi fakultet ochishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;
b) 2018 yil 1 noyabrga qadar:
“Kinematografiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini;
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy kinokompaniyalar tomonidan badiiy filmlarni kinoga, videoga tushurishdagi tartib-taomillar va talablarni yanada soddalashtirishga doir takliflarni kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Vazirlar Mahkamasining
2018 yil 6 apreldagi 272-son qarorining 4-bandida ko‘rsatilgan yagona kinoprokat elektron tarmog‘ini ishlab chiqish, kinoteatrlarni optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat tarmog‘iga bosqichma-bosqich ulash, kinoteatrlarda elektron kinochiptalarning tezkor hisobini yuritish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
12. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasi, 1a-uy manziliga joylashtirilsin.
13. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018 yil 24 iyul