Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar yuzasidan mahalliy trenerlar uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 27 maydagi “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasiga muvofiq “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi” tasdiqlandi.

Mazkur konsepsiyaga asosan  mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining har biriga 6-8 nafardan jami 104 nafar respublika trenerlar tarkibi shakllantirildi. Shu asosda mazkur oliy o‘quv yurtida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga oid mahalliy trenerlar uchun uch kunlik o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarda hududiy trenerlar tomonidan saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar, saylovlarni tashkil etish, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga oid qabul qilingan qarorlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.