Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Prezidentimizning bu boradagi farmonida BMT Bosh kotibining jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari e’tirof etildi.
Oliy martabali mehmon yuksak darajadagi hurmat-ehtirom va taqdirlashdan bag‘oyat mamnun ekanini bildirar ekan, quyidagi fikrlarni bayon qildi.
– Bugungi taqdirlash men uchun yana bir bor O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan ajoyib mezbonlik va mehmondo‘stlik belgisi hisoblanadi, – deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish. – Buni nafaqat men uchun, balki Birlashgan Millatlar Tashkilotining butun jamoasi – o‘z hayoti va tinchligini ayamasdan dunyo bo‘ylab harakat qilayotganlar, jumladan, G‘azo sektorida hayotdan ko‘z yumgan 200 ga yaqin xodimlarimiz, global notinch sharoitda, iqlim o‘zgarishi va boshqa qiyinchiliklar, muammolar tobora ortib borayotgan davrda tashkilotimizga bildirilgan hurmat belgisi, deb hisoblayman. Men uchun juda katta mamnuniyat baxsh etadigan yana bir holat shuki, ushbu mukofot dunyodagi eng ulkan islohotlarni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan menga taqdim etilganidir.
O‘z kuzatuvlari orqali mamlakatimizdagi islohotlarning mohiyatiga nazar tashlar ekan, BMT Bosh kotibi, jumladan, qo‘yidagi jihatlarga alohida urg‘u berdi.
– O‘zbekiston zaminiga birinchi marta 20 yil muqaddam kelgan edim. Rasmiy tashrifim esa Janob Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatini boshlagan yilda amalga oshirilgan edi. Mana shu vaqt davomida men kuzatib shunga iqror bo‘ldimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning boshlagan islohotlari O‘zbekiston xalqining asosiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekistondagi islohotlarni kuzatar ekanmiz, to‘laqonli ravishda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos kelishiga iqror bo‘ldik. Shu bilan birga, 2030 yilga qadar belgilangan kun tartibi aynan O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan strategik rejada ham hamohang ravishda aks etganini ko‘rdik. Bu, albatta, fikrlarimiz, qarashlarimiz uyg‘unligidan, hamjihatligimizning yuqori ekanidan dalolat beradi.
O‘z so‘zida kelajakda Markaziy Osiyo to‘laqonli integratsiyalashgan bir mintaqaga aylanishiga umid bildirar ekan, Antoniu Guterrish bunga mantiqiy asoslar bilan ta’rif berdi.
– Biz bilar edikki, bir paytlar Markaziy Osiyoda tarqoqlik keng ildiz otgan edi. Bugungi kunda esa mintaqada yangicha muhit yaratildi. Bu albatta, do‘stlik, hurmat va masalalarni hamjihatlikda ko‘rib chiqish, mavjud qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tishga asoslangan muhit bo‘ldi.
Juda ko‘p insonlar Markaziy Osiyoni dunyo sivilizatsiyasining chorrahasi deb ataydilar. Menimcha, bu yanglish fikr. Men Markaziy Osiyoni dunyo sivilizatsiyasining markazi deb bilaman. Bunga ishonch hosil qilish uchun Samarqand va Buxoroga borishning o‘zi kifoya qiladi.
Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevni faoliyati davomida mintaqadagi ko‘prik o‘rnatuvchi tashabbuskor, tinchlik elchisi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni vaqtda adolatga asoslangan farovonlikni tashkil qilish va uni o‘rnatish bo‘yicha juda faol ish olib bormoqda. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la uyg‘un.
Mana, yaqinda inson huquqlari bo‘yicha muntazam hisobot taqdim etildi. Undagi tavsiyalarning aksariyati O‘zbekiston tomonidan qabul qilindi va ularni amalga oshirishga kirishilmoqda. BMT bu ishlarda hukumatga yaqindan ko‘maklashishga tayyor.
Shu bilan birga, Janob Prezident rahbarligida O‘zbekistonda yuqori marralarni ko‘zlab amalga oshirlayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Birgalikda shunday harakat qilamizki, O‘zbekiston aholisi o‘zi sazovor bo‘lishga loyiq bo‘lgan kelajakka erishadi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
yozib oldi.