O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Xiva shahridagi Nurillaboy saroyida bo‘ldi.
Mazkur saroy XX asr boshlarida bunyod etilgan, madrasa, 100 dan ortiq xona, galereyalardan iborat tarixiy majmuadir. Saroy xonalarini bezashda nafaqat xivalik mohir ustalar, balki chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etgan, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar. Xonalar ichki ko‘rinishi, kaminlari, Venetsiya oynalari va tilla suvi yugurtirilgan bronzadan ishlangan, billur ilgakli qandillari bilan ajralib turadi.
Mo‘g‘uliston rahbari va uning rafiqasiga saroy tarixi haqida ma’lumot berildi.
Tarixiy majmua 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan rekonstruksiya va restavratsiya qilingan.
Majmua oliy martabali mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ahmadjon Shokirov, Rustam Nazarmatov(surat),
O‘zA muxbirlari