Prezident raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Texnika yo‘nalishidagi 36 ta oliygohda o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, Davlat texnika universitetida mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklarni qisqartirish, kafedralarni birlashtirish mumkin. Universitet to‘liq dual ta’lim tizimiga o‘tadi. Fanlar kamida 30 foizga qisqaradi.

Oliygohdagi ta’lim Drezden texnika universiteti (Germaniya) va Sukuba universiteti (Yaponiya) dasturlariga moslashtiriladi.

Universitetda dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashadi.

Xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinadi.

Yoki, Toshkent kimyo texnologiyalari institutida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini maqbullashtirib, 8 ta yangi yo‘nalish va mutaxassislik kiritish mumkin.

Har yili iqtisod bo‘ladigan mablag‘ institutni moddiy-texnika bazasini kuchaytirishga sarflanadi.

O‘zA