27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi Adilbay Orazovning “Qoraqalpog‘iston matbuoti fidoyilari” nomli yangi kitobi chop etildi.
Joriy yilda “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining 100 yilligi, “Vesti Karakalpakstana” gazetasining 105 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan ushbu gazetalarda uzoq yillar mehnat qilgan jurnalistlar hamda fotomuxbirlarning batafsil hayot yo‘li, tarjimoiy holi, mashaqqatli mehnati, yutuq va mukofotlari to‘g‘risida hikoya qilinadi. Matbuotga qiziquvchilar, jurnalistika sohasida tahsil olayotgan talabalar 100 nafardan ziyod marhum ijodkor, faxriylar hamda bugungi kunda ularning yo‘lini davom ettirib kelayotgan xodimlar faoliyati bilan tanishishi mumkin.
Ma’lumot uchun: jurnalist Adilboy Orazov 1979 yili Chimboy tumani Qizilo‘zak ovulida tavallud topgan. 2004 yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagan. Qoraqalpog‘iston radiosida muharrir, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining maxsus muxbiri, “Qaraqalpaqstan jaslarы” gazetasi bosh muxarriri, Bo‘zatov tumani hokimligi axborot xizmati rahbari lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Jurnalistning yangi to‘plami kitobxonlarga, yosh jurnalistlarga matbuot sohasi fidoyilarining ibratli hayot yo‘li hamda sermahsul ijodi to‘g‘risida batafsil ma’lumot olishga ko‘maklashadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri