Bugun 7-may kuni Moskvadagi Kreml Katta saroyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi. Amaldagi davlat rahbari so‘nggi saylovda 87,28 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan.
Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ovoz bergan fuqarolar bo‘yicha yakuniy ko‘rsatkich 77,49 foizni tashkil qilgan.
Putin eng yuqori lavozimni yana olti yil, 2030-yilgacha egalladi. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, yangi saylangan prezident lavozimiga kirishgan kuni hukumat iste’foga chiqishi kerak. Keyin Davlat dumasi 20-maygacha hukumatning yangi tarkibini tasdiqlaydi. Farazlarga qaraganda, Vazirlar Mahkamasi 8-maydayoq tasdiqlanishi kutilyapti.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu lavozimini saqlab qolishi taxmin qilinyapti.
Putin yangi hukumat iqtisodiy sohada ijobiy o‘zgarishlar yasashidan umid qilmoqda. Shuningdek, eng zamonaviy qurol-yaroq keng ko‘lamda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish, ayni yo‘nalishda ilmiy tadqiqotni kuchaytirish tarafdori. Xalqaro to‘lovlar bo‘yicha dollardan mustaqil tizim shakllantirilishi, bu boradagi hamkorlikni chuqurlashtirish choralari ko‘rilishi nazarda tutilgan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti belgilagan ustuvor yo‘nalishlar qatorida iqtisodiyotga investitsiyani ko‘paytirish, davlat tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ham qayd etilgan.
G‘arb tomonidan noan’anaviy qadriyatlar o‘rnatilishi Rossiya uchun nomaqbul ekanini ta’kidlagan Prezident ta’lim sifatini oshirish, oilani himoya qilish siyosatini chuqurlashtirish maqsadini oshkor qildi.
1952-yil 7-oktyabr kuni Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida tug‘ilgan Vladimir Putin 1975-yil sobiq Sovet Ittifoqi Davlat xavfsizligi qo‘mitasida faoliyat boshlagan. 1998-yil iyuldan 1999-yil avgustgacha mamlakat Federal xavfsizlik xizmati direktori lavozimida ishlagan. 1999-yil 31-dekabr kuni Boris Yelsin iste’foga chiqishi munosabati bilan Prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlangach, davlatning birinchi shaxsiga aylandi. Rossiya Prezidentligiga dastlab 2000-yil 26-martda, keyin 2004-yilda qayta saylangan.
2008-2012-yillari Vladimir Putin RF Bosh vaziri edi. 2012 yilgi saylovda yana mamlakat yetakchisiga aylandi va uning vakolati muddati 4-yildan 6-yilga oshirildi. 2018-yil qayta saylandi. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarish qabul qilingach, 2024-yil yana saylandi.