Tayvan sharqiy qirg‘og‘ida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng 9 marta 4 va yanada yuqori magnitudali aftershok qayd etildi. Orol va qo‘shni davlatlar uchun sunamidan ogohlantirish e’lon qilindi. Bu haqda BBC xabar bergan.

AQSH Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzila markazi Xualyan shahridan 18 km janubda. Seysmologlar fikricha, Tayvanda so‘nggi 25-yil ichida eng kuchli yer qimirlashi kuzatilgan.Ko‘plab binolar qulab tushgan shaharda qutqaruvchilar ishlayapti. Poytaxt Taypeyida ham zamin kuchli silkinib, inshootlar chayqalgan.

Tayvan milliy yong‘in agentligi hozirgacha Xualyan yaqinidagi milliy bog‘da bir kishi halok bo‘lganini bildirdi. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, turli hududlarda 50 dan ziyod qurbon ma’lum.Mahalliy ommaviy axborot vositalari binolar qulab tushayotgani, odamlar maktab va uylardan ko‘chirilayotganini ko‘rsatmoqda. Orol bo‘ylab elektr ta’minoti va internet uzilishi kuzatilyapti, deb yozgan ichki monitoring xizmati.

Voqeadan ko‘p o‘tmay, Yaponiya va Filippinda sunamidan ogohlantirish e’lon qilindi. Keyinroq kunchiqar yurt meteorologiya agentligi ogohlik darajasini pasaytirdi. Baribir, kuchli zilzila bir haftagacha davom etishi mumkinligi ta’kidlanib, odamlar hushyorlikka chaqirildi.Tinch okeanida sunamidan ogohlantirish markazi zilziladan ikki soat o‘tib, xavf ortda qolganini e’lon qildi. Xitoy davlat matbuoti zilzila mamlakat janubi-sharqidagi Futszyan muzofotida ham sezilgani xususida xabar tarqatdi.

– Zilzila quruqlikka yaqin, sayoz joyda boshlandi, – dedi Xitoy Taypeyi seysmologiya markazi rahbari Vu Chiyen Fu. – Yer silkinishi butun Tayvanda va qo‘shni orollarda sezildi.Orolning ichki qismi relefi tog‘li hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqdagi kadrlarga qaraganda, zilzila tog‘li hududlarda yirik ko‘chkilarni keltirib chiqargan. Oqibat ko‘lami hali aniq emas.

M.Pirmatova, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA