Shaxmat: Abdusattorov – Magsudlu kurashi g‘oliblik yo‘lidagi eng muhim “duel”
“Prague International Chess Festival“ turnirining ortda qolgan 7-turidan keyin Nodirbek Abdusattorov 5 ochkoga ega bo‘lgan holda xalqaro turnirning “Masters” guruhida yetakchilik qilmoqda.
Bugun, 6-mart kuni o‘tkaziladigan 8-turda Nodirbek oq donalarda musobaqa g‘olibligiga asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan eronlik Parham Magsudlu bilan ro‘baro‘ keladi.
Yakunlanishiga 2-tur qolganda o‘tadigan ushbu bahs qaysidir ma’noda Praga musobaqalarining markaziy o‘yinlaridan biri hisoblanadi. Aynan ushbu o‘yin “Prague International Chess Festival-2024″ g‘olibligiga kim ko‘proq munosib ekanligini ham amalda isbotlaydi.
8-turning qolgan juftliklarida David Navara-Tayi Dai Van Nguyen, Vidit Santosh Gujrati – Richard Rapport, Dommaraju Gukesh – Vinsent Keymer, Mateuj Bartel – Rameshbabu Praggnanandhaa kuch sinashadi.
Kecha o‘tkazilgan 7-tur o‘yinida Abdusattorov germaniyalik Vinsent Keymer bilan garchi qora donalarda o‘ynagan bo‘lsada, raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu turning 42-yurish holatida nemis shaxmatchisi imkoniyatni boy berganligini tan oldi. 7-turnir qolgan uchrashuvlarida Mateuj Bartel (Polsha) – David Navara (Chexiya) – 0,5:0,5, Rameshbabu Praggnanandhaa (Hindiston) – Gukesh (Hindiston) – 0,5:0,5, Parham Magsudlu (Eron) – Vidit Santosh Gujrati (Hindiston) – 1:0, Richard Rapport (Ruminiya) – Tayi Dai Van Nguyen (Chexiya) – 0:1 hisoblari qayd etildi.
8-tur ostonasida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovdan keyingi o‘rinlarda borayotgan Parham Magsudlu 4,5, Tayi Dai Van Nguyen va Rameshbabu Praggnanandhaa 4, David Navara va Richard Rapport 3,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA