Toshkentdagi muhtasham “Xumo Arena” sport majmuasida uch kun davom etgan “Katta dubulg‘a” turniri yakunlandi.
Shiddatli bellashuvlarga boy kechgan musobaqada 68 ta mamlakatning 500 nafarga yaqin mahoratli sportchilari sovrinli o‘rinlar bilan bir qatorda “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolari uchun kurash olib bordi.
Nufuzli musobaqaning uchinchi kungi bellashuvlarida dzyudochi yigitlar 90, 100, +100 kilogrammda, ayollar 78 va +78 kilogrammda bellashgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasining 19 nafar a’zosi mazkur 5 ta vazndagi sovrinli o‘rinlar uchun Toshkent tatamilarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.
Murosasiz bellashuvlar natijasida Muzaffarbek To‘raboyev oltin medal uchun, Davlat Bobonov va Shohruxxon Baxtiyorov bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Davlat Bobonov va Muzaffarbek To‘raboyev bu borada Baxtiyorovga nisbatan ancha pishiqligini namoyish etdi. Bobonov kubalik Ivan Moralesni 16 soniyada mag‘lub etgan bo‘lsa, To‘raboyev finalda mustaqil sportchi maqomida ishtirok etgan Matvey Kanikovskiyni dog‘da qoldirdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Aytish lozim, mazkur yutuq tufayli Bobonov “Katta dubulg‘a” turkumiga kiradigan musobaqalardagi medallari sonini to‘qqiztaga yetkazdi. Jahon chempioni, “Masters” turniri va Osiyo o‘yinlari g‘olibligiga erishgan To‘raboyev sovrinlari sonini yana bittaga ko‘paytirib oldi.
Tarixga aylangan “Katta dubulg‘a” turniri sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan Fransiya terma jamoasi 1-o‘rin, 2 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan Yaponiya vakillari 2-o‘rin va 2 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza medaliga ega chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mahoratli dzyudochilarimizdan Muzaffarbek To‘raboyev va Doston Ro‘ziyev oltin, Gulhayo Jo‘rayeva kumush, Davlat Bobonov, Shahram Ahadov hamda Obidxon No‘monov bronza medallari bilan birga, “Parij-2024” Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.
Olimpiya o‘yinlari reyting ochkolari o‘ynalgan mazkur turnirda o‘z vaznlarida saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, yarim finalgacha yetib kelgan Shohruxxon Baxtiyorov, Dilshodbek Baratov, Sardor Nurillayev, Murodjon Yo‘ldoshev, Rustam Shorahmatov, O‘tkirbek To‘raboyev, Alisher Yusupov va Gulnoza Matniyozova Xalqaro dzyudo federatsiyasi reytingi uchun muhim ballarni jamg‘ardi. Jahonning eng kuchli dzyudochilari bilan bellashuvlar asnosida tajribalari oshdi. Bu esa keyingi g‘alabalarga poydevor bo‘ldi deyish mumkin.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA